Talaba yoshlar sayohat uchun 15 mln so'm ssuda olishi mumkin

05.05.2025 10:25
O'zbekchaРусский
15-maydan boshlab "Work and travel" xalqaro dasturlari doirasida ishlash va sayohat qilish uchun chet davlatlarga borish-kelish hamda boshqa xarajatlarni qoplash maqsadida talaba yoshlarga ssuda berish tartibi joriy etiladi. Ssuda miqdori BHMning 40 barobariga teng bo‘lib, hozirgi kunda 15 mln so‘mni tashkil etadi.
Talaba yoshlar sayohat uchun 15 mln so'm ssuda olishi mumkin

Foto: behance.net

2025-yil 15-maydan boshlab "Work and travel" xalqaro dasturlari doirasida ishlash va sayohat qilish uchun chet davlatlarga borish-kelish hamda boshqa xarajatlarni qoplash maqsadida talaba yoshlarga ssuda berish tartibi joriy etiladi.

Mazkur davlatlar qatoriga Yevropa Ittifoqi mamlakatlari, Janubiy Koreya, Yaponiya, Buyuk Britaniya, AQSH, Kanada, Avstraliya va Yangi Zelandiya kiradi.

Ssuda kimlar uchun ajratiladi?

  • 16 yoshga to‘lgan va 30 yoshdan oshmagan shaxslar;
  • O‘zbekistondagi oliy ta’lim muassasalarining kunduzgi, kechki (smenali) yoki sirtqi (maxsus sirtqi) ta’lim shakllarida tahsil olayotgan (bitiruvchi kurs talabalari bundan mustasno) O‘zbekiston fuqarolari;
  • O‘zbekistonda doimiy istiqomat qiluvchi fuqaroligi bo‘lmagan jismoniy shaxslar.

Necha kishiga va qancha miqdorda ssuda beriladi?

Har yili 2 ming nafargacha talaba yoshlarga bazaviy hisoblash miqdorining 40 baravari (hozirda 15 mln so‘m) miqdorida ssuda ajratiladi.

Ssuda olish uchun ariza qanday topshiriladi?

Ssuda ajratish to‘g‘risidagi arizalar Davlat xizmatlari markazi yoki Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali (my.gov.uz) orqali qabul qilinadi.

Talaba yoshlar ajratilgan ssudani ishlash va sayohat qilish huquqini tasdiqlovchi vizada ko‘rsatilgan chet davlatda bo‘lishning so‘nggi sanasidan boshlab 1 oy ichida Yoshlar ishlari agentligiga to‘liq qaytarish majburiyatini oladi.

Ma’lumot uchun, ssuda qaytarish sharti bilan beriladigan qarz hisoblanadi.

Avvalroq, AloqaBank yoshlar uchun yillik 18 foizli kredit ajratayotgani haqida yozgandik.

#Work and travel#sayohat#talaba#yoshlar

Xabarni ulashish:

Eng ko'p o'qilayotgan