Yanvar-aprel oylarida ipoteka kreditlari bo‘yicha 552 mlrd so‘m subsidiya ajratildi

06.05.2025 14:17
2025-yilning yanvar-aprel oylari mobaynida ipoteka kreditlari uchun davlat budjetidan 551,6 mlrd so‘m miqdorida subsidiya ajratildi. Ajratilgan subsidiyalardan eng ko‘p Samarqand viloyati foydalangan bo‘lsa, eng kam Sirdaryo viloyati foydalandi. Ushbu subsidiyalarning eng katta qismini o‘tgan yili 2 trln 271 mlrd so‘m zarar ko‘rgan Biznesni rivojlantirish banki ajratgan.
Yanvar-aprel oylarida ipoteka kreditlari bo‘yicha 552 mlrd so‘m subsidiya ajratildi

Foto: KashelOff.ru

2025-yilning yanvar-aprel oylarida ipoteka kreditlari bo‘yicha fuqarolarga to‘lab berilgan subsidiyalar miqdori 551,6 mlrd so‘mni tashkil etdi. 

Bu mablag‘ning 164,4 mlrd so‘mi uy-joy sotib olishda boshlang‘ich badal uchun, 386,9 mlrd so‘mi esa ipoteka kreditlari bo‘yicha foiz to‘lovining bir qismini qoplash uchun davlat budjetidan yo‘naltirildi

Manba: minecofinuz

2025-yilning dastlabki 4 oyi davomida ajratilgan subsidiyalardan eng ko‘p Samarqand, Andijon hamda Surxondaryo viloyatlari foydalandi. 

Mazkur 3 ta viloyatga 198 mlrd so‘m subsidiya ajratilgan. Bu umumiy subsidiya miqdorining 36 foiziga tengdir. 

Subsidiyadan eng kam foydalangan hududlar esa Sirdaryo viloyati, Qoraqalpog‘iston Respublikasi hamda Toshkent viloyati bo‘ldi. 

Yanvar-aprel oylari davomida eng ko‘p subsidiyani davlat banklari ajratdi. Ular orasida 113,3 mlrd so‘mlik subsidiya ajratgan Biznesni rivojlantirish banki (BRB) 1-o‘rinda qayd etildi

Manba: minecofinuz

Ma’lumot uchun, BRB 2024-yilni 2 trln 271 mlrd so‘m zarar bilan yakunlagan edi

Keyingi eng ko‘p subsidiya ajratgan banklar O‘zmilliybank hamda Xalq Banki bo'ldi.

Ushbu davr mobaynida eng kam subsidiyani xususiy banklar hisoblangan Trastbank hamda Asia Alliance Bank ajratdi. 

Ma’lumot uchun, 2024-yilda fuqarolarga to‘lab berilgan subsidiyalarning umumiy miqdori 1,4 trln so‘mdan ortiqni tashkil etgan. O‘sha paytda eng ko‘p subsidiyani 2024-yilda eng ko'p sof foyda olgan O‘zmilliybank taqdim etgandi.

#subsidiya#Samarqand#BRB#NBU

Eng ko'p o'qilgan