9-may kuni Ukraina hukumati Rossiya, Xitoy, Eron, Belarus va O‘zbekistonda ro‘yxatdan o‘tgan bir qator kompaniyalarga nisbatan sanksiyalar joriy etdi.
Sanksiyalar ro‘yxatiga O‘zbekistondagi "Mercury Renaissance" MChJ, "Raw Materials Cellulose" MChJ va "Farg‘ona kimyo zavodi" MChJ ham kiritilgan.
Mercury Renaissance korxonasi qurilish texnikasi va uskunalarini ijaraga berish hamda lizing xizmatlarini ko‘rsatish bilan shug‘ullanadi.
Uning asosiy ta’sischisi sifatida Muminov Rustam Raximjonovich ko‘rsatilgan.
Rustam Muminov ushbu korxonadan tashqari, Quytosh koni, Aloqa klimkontrol, Special machinery, Vertikal tower group va Fiber expo korxonalarida ham ulushga ega.
Sanksiyalar ro‘yxatiga yuqoridagi korxonalardan tashqari, O‘zbekiston va Rossiya fuqarosi hisoblangan Rustam Muminovning o‘zi ham kiritilgan.
Sanksiyaga uchragan keyingi korxona qog‘oz massasi va sellyuloza ishlab chiqarish bilan shug‘ullanuvchi "Farg‘ona kimyo zavodi" MChJ hisoblanadi.
Mazkur korxonaning 100 foizlik ulushiga sanksiyalar ro‘yxatida mavjud bo‘lgan "Mercury Renaissance" MChJ egalik qiladi.
Navbatdagi korxona esa Mumimov Mamurjon Karimovich boshqaradigan "Raw Materials Cellulose" MChJ hisoblanadi.
Bu korxona ham Farg‘ona kimyo zavodi kabi qog‘oz massasi va sellyuloza ishlab chiqarish bilan shug‘ullanadi. Uning yuridik manzili Jizzax viloyatida joylashgan.
Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 24-fevral sanasida Yevropa Ittifoqi Rossiyaga qarshi 16-sanksiyalar paketini e’lon qilgandi. Ushbu sanksiyalar orasiga O‘zbekistonda ro‘yxatdan o‘tgan Uzstanex korxonasi ham kiritilgandi.
.webp)