Gruziyaning TBC Bank Group tarkibidagi TBC Uzbekistan 2025-yilning yanvar-mart oylarida erishgan moliyaviy natijalarini tanga.uz'ga ma'lum qildi.
Manba: TBC Uzbekistan
Unga ko‘ra, 3 oy davomida kompaniyaning operatsion daromadi 113 foizga o‘sib, 744 mlrd so‘mni tashkil etdi.
Sof foydasi esa 98 mlrd so‘mga teng bo'ldi. Bu o‘tgan yilga nisbatan 15 foiz yuqori ko‘rsatkichdir.
Ma’lumot uchun, TBC Uzbekistan TBC Bank Group operatsion daromadining 21 foizini tashkil etmoqda.
Bankning kredit portfeli esa 121 foizga o‘sib, 10,05 trln so‘mga yetdi. Shu bilan birga, O‘zbekiston bozoridagi ta’minlanmagan iste’mol kreditlarining 17,1 foizi TBC Bank hissasiga to‘g‘ri kelmoqda.
Shuningdek, bankning omonatlar miqdori ham 85 foizga oshib, 5,7 trln so‘mga yetdi. Bu O‘zbekistondagi umumiy omonatlar hajmining 4 foizini tashkil etadi.
Ma’lumot uchun, hozirda TBC Uzbekistan mijozlarining soni 19,7 mln nafarga yetgan. Ularning qariyb uchdan bir qismini faol foydalanuvchilar tashkil etadi.
Bank tomonidan 2024-yilning 4-choragida muomalaga chiqarilgan Salom Card bank kartalari noyabrda 23 ming dona edi. 2025-yilning 31-mart sanasiga kelib bu ko‘rsatkich 228 mingga yetdi.
Shuningdek, Osmon Card kredit kartasiga berilgan arizalar soni ham dekabrdagi 13 mingdan 48 mingtaga ko‘paydi. Mazkur kredit karta bank kredit portfelining 3 foizini tashkil etmoqda.
Eslatib o‘tamiz, Shveysariyaning IMD biznes maktabi TBC Bank Group kompaniyasining muvaffaqiyat tarixini o‘rgangan edi. Bu Markaziy Osiyo kompaniyalari orasida IMD tomonidan o‘rganilgan ikkinchi tadqiqot hisoblanadi.