Istiqbolli loyihalar milliy agentligi tomonidan sug‘urtalovchilar reytingini aniqlash va yuritish tartibi to‘g‘risidagi nizomga muvofiq sug‘urtalovchilar reytingi tayyorlandi.
Manba: ILMA
Tayyorlangan reytingda eng yuqori 115 ball bilan Apex Insurance sug‘urta tashkiloti birinchi o‘rinni egalladi.
Mazkur sug‘urta tashkiloti 2024-yilda 1,57 mln sug‘urta shartnomasini rasmiylashtirgan. Bu sug‘urta tashkilotlari orasidagi eng yuqori ko‘rsatkich hisoblanadi.
Bundan tashqari, kompaniya eng ko‘p sug‘urta mukofotlarini ham to‘lagan. 2024-yil davomida to‘langan 9 trln so‘mlik sug‘urta mukofotining uchdan bir qismi Apex Insurance hissasiga to‘g‘ri keladi.
Reytingning 5-o‘rnini egallagan Gross sug‘urta kompaniyasiga 2024-yilda eng ko‘p da’vo kelib tushgan bo‘lib, yil davomida 33,7 mingta da’vo ro‘yxatga olingan.
2024-yilda eng ko‘p sug‘urta majburiyatini olgan O‘zbekinvest reytingning 4-o‘rnini egalladi. Ta’kidlash joizki, 2024-yilda O‘zbekinvest sug‘urta tashkilotining majburiyatlari 444,5 trln so‘mni tashkil etgan.
Ushbu reyting sug‘urtalovchilarning oylik, choraklik va yillik faoliyat ko‘rsatkichlari asosida shakllantirilgan bo‘lib, unda quyidagi muhim miqdoriy va sifat ko‘rsatkichlari hisobga olingan:
- sug‘urta da’volarining qanoatlantirilganlik darajasi;
- sug‘urta to‘lovlarining o‘z vaqtida to‘langanligi;
- to‘lovga qobiliyatlilik marjasining yetarliligi;
- sarmoya faoliyati samaradorligi;
- xalqaro reytinglarning mavjudligi;
- yangi sug‘urta mahsulotlarining joriy etilganligi va boshqalar.
Avvalroq, O‘zbekiston sug‘urta bozorining 2024-yil yakuni bo‘yicha umumiy ko‘rsatkichlarini tahlil qilgandik.