"Invest Finance Bank" AJ (InFinBank) o‘z ustav kapitalini 540 mlrd so‘mga ko‘paytirish orqali 1 trln 440 mlrd so‘mga yetkazmoqda.
Buning uchun bank nominal qiymati 1 ming so‘mlik 240 mln dona oddiy va 300 mln dona imtiyozli aksiya chiqarmoqda.
Ma’lumot uchun, oddiy aksiya egasi kompaniya foyda qilgandagina dividend oladi, biroq foyda bo‘lmagan taqdirda dividend olish kafolatlanmagan. Imtiyozli aksiya egalari esa bank foyda yoki zararga ishlashidan qat’i nazar, oldindan belgilangan miqdordagi ustuvor dividendni oladi.
Mazkur aksiyalar dastlab bankning amaldagi aksiyadorlariga imtiyozli sotib olish huquqi asosida taklif etiladi. Bunday imtiyozli huquq muddati 14 kunni tashkil qiladi.
Shundan so‘ng qolgan aksiyalar 15-maydan ochiq obuna shaklida Toshkent Fond Birjasi orqali sotuvga qo‘yiladi.
Eslatib o‘tamiz, InFinBank’ning 56,42 foiz aksiyalariga egalik qiluvchi Farhod Mamajonov o‘z xohishiga ko‘ra bankning Kuzatuv kengashi a’zoligini tark etgandi. Uning o‘rniga iqtisodchi Otabek Bakirov saylangandi.