Markaziy bank 2025-yilning 1-choragi uchun O‘zbekistonning pul-kredit siyosati sharhini tayyorladi.
tanga.uz Markaziy bank sharhida keltirilgan ma’lumotlar bilan tanishdi.
YaIM va investitsiyalar
Markaziy bank hisob-kitoblariga ko‘ra, 2025-yilning 1-choragida O‘zbekistonning yalpi ichki mahsuloti o‘tgan yilga nisbatan 6,8 foizga o‘sdi.
Eng yuqori o‘sish xizmatlar sohasida (12,6%) kuzatildi. Shuningdek, qurilish (10,8%) va sanoat (6,5%) sohalarida ham yuqori o‘sish qayd etildi.
Xizmatlar sohasida eng yuqori o‘sish aloqa va axborotlashtirish (24,3%) hamda moliyaviy xizmatlarda (19,6%) kuzatildi.
Chorak davomida xorijiy investitsiyalar hajmi 27,8 foizga o‘sib, 3,4 mlrd dollarni tashkil etdi.
Markaziy bank qishloq xo‘jaligi sohasidagi investitsiyalar ulushi ko‘proq bo‘lganini ta’kidlamoqda.
Biroq, sanoat va xizmatlar sohasidagi xorijiy investitsiyalar hajmi kamaygan.
Mehnat bozori va iste’mol
Joriy yilning yanvar-mart oylarida savdo va pullik xizmatlar tushumi bir yil ichida 24,7 foizga o‘sdi.
Bunda naqd pul savdosi sekinlashgan bo‘lsa, terminal orqali to‘lovlar 36,9 foizga ko‘paydi.
Chorak davomida chet eldan o‘tkazilgan pul miqdori 32 foizga o‘sib, 3,3 mlrd so‘mga yetdi.
Mehnat bozorida, chakana savdo va xizmatlar sohasida bo‘sh ish o‘rinlari ko‘paydi.
Budjet
1-chorakda O‘zbekistonning budjet daromadlari 69 trln so‘mni tashkil etdi. Xarajatlar esa — 77 trln so‘m. Budjet xarajatlari o‘tgan yilga nisbatan 10 foizga oshdi.
Budjetning 27 foizi 1-chorakning o‘zida sarflandi. Bu o‘tgan yili 22 foiz edi.
Ushbu davrda eksport 24,4 foizga o‘sdi. Shundan 17,8 foizi oltinsiz eksport bo‘ldi.
Eng ko‘p eksport xizmatlar sohasida kuzatilib, bu umumiy eksportning 37,9 foizini tashkil etdi.
Xizmatlardan keyin oziq-ovqat mahsulotlari (33,6%) eng ko‘p eksport qilindi.
Shuningdek, energiya mahsulotlari umumiy eksportning 20,2 foizini tashkil etdi.
Inflatsiya
Joriy yilning mart oyida aholining inflyatsion kutilmalari o‘tgan oyga nisbatan 1,1 foiz bandga pasayib, 14,2 foizni, tadbirkorlar kutilmalari esa 0,8 foiz bandga sekinlashib, 13 foizni tashkil etdi.
Oziq-ovqat mahsulotlari narxlarining oshishi inflyatsiyani tezlashtirdi.
Nooziq-ovqat mahsulotlari inflyatsiyasi esa barqaror bo‘lib qolmoqda.
Bazaviy inflyatsiya umumiy inflyatsiyadan tezroq oshib, martda 8,1 foizga yetdi — bu 2023-yil dekabrdan beri eng yuqori ko‘rsatkich.
Xizmatlar bazaviy inflyatsiyasi 11,6 foizga yetib, yuqori talabni ko‘rsatmoqda.
Transport va tibbiy xizmatlar inflyatsiyasi biroz sekinladi, ammo ta’lim va mobil aloqa xizmatlari narxlari oshdi.
Markaziy bank Pul-kredit siyosatini amalga oshirishda asosiy e’tiborni iqtisodiyotda narxlar barqarorligini ta’minlash va o‘rta muddatli istiqbolda inflyatsiya darajasining 5 foizlik maqsadli ko‘rsatkichiga erishishga qaratayotganini ma’lum qildi.
Yangilangan prognozlarga ko‘ra, 2025-yil yakuniga qadar umumiy inflyatsiya ko‘rsatkichi 8 foiz atrofida shakllanishi kutilmoqda.