Markaziy Bank Samarqand viloyat boshqarmasi ikki kunlik tadbir uchun qancha sarflamoqda?

23.05.2025 12:51
O'zbekchaРусский
26- va 28-may kunlari Samarqandda bo'lib o'tadigan tadbir doirasidagi shartnomalar orasida kuniga 2,5 mln so'mlik internet va kishi boshiga 500 ming so'mlik tushlik bo'yicha bandlarni uchratish mumkin. Shu bilan birga shartnomalarda 40 nafar ishtirokchidan nechtasi qaysi mehmonxonada joylashishi ma'lum qilinmagan. Tanga.uz Samarqanddagi tadbir bilan bog'liq hujjatlarni o'rganib chiqdi va ma'lumotlarni sizga taqdim etadi
Markaziy Bank Samarqand viloyat boshqarmasi ikki kunlik tadbir uchun qancha sarflamoqda?

15-may kuni Markaziy Bank Samarqand viloyat bosh boshqarmasi Samarqand turistik markazi bilan ikki kunlik tadbir bo'yicha 174 mln so'mlik shartnoma imzoladi. Shartnomada xona ijarasi bo'yicha bandlar bo'lsa-da, bu masaladagi xarajatlar ko'rsatilmagan.

Keltirilgan ma'lumotlarga ko'ra, 26-may kuni o'tkaziladigan tadbirda 35 kishi, 28-may kunida esa 40 kishi qatnashadi. 27-may kuni haqida ma'lumot yo'q. 26- va 28-may kunlari uchun mehmonxona zallari band qilingan - har bir zalning bir kunlik ijara narxi 18,2 mln so'm. Xuddi shu kunlari umumiy hisobda 3 ta kofe-breyk va ikkita tushlik (birinchi kuni 2 ta kofe-breyk va 1 ta tushlik, ikkinchi kuni 1 ta kofe breyk va 1 ta tushlik) ta'minlanishi belgilangan.

Har bir kofe-breyk Markaziy Bank uchun kishi boshiga 220 ming so'mdan tushmoqda. Tushliklar esa kishi boshiga 550 ming so'mdan. Ikki kunlik kofe-breyklar va tushliklar uchun QQS bilan deyarli 72 million so'm sarflanmoqda.

Shuningdek, internet ta'minoti uchun kuniga 2,5 million so'mdan 5 million so'm sarflanmoqda. Texnik jihozlar ijarasi esa bankning viloyat boshqarmasi 60 million so'm sarfladi.

Bundan tashqari boshqarma 26-may kuni Afrosiyob restoranida 40 kishilik kechki ovqat uchun kishi boshiga 416 ming so'mdan - umumiy hisobda deyarli 17 million so'm ajratgan.

27-may kuni va turar joy masalasi bo'yicha xarajatlar shartnomalarda ko'rsatilmagan. Ammo yaqin kunlarda tuzilgan shartnomalar mavjud. Misol uchun, boshqarma "ALIZ HOTEL" OK va "DOBUSIYA SAMARQAND AQUALAND" MCHJ mehmonxonalari bilan 500 ming so'm va 450 ming so'mlik shartnomalarni imzolagan. Shartnomada nechta xona ijaraga olinishi ko'rsatilmagan, bu ma'lumotni o'rniga biz mehmonxonalarning Price-listini ko'rishimiz mumkin.

Ya'ni boshqarma qaysi mehmonxonadan nechta joy ijaraga olgani hozircha noma'lum, ammo xonalarning taxminiy narxini bilamiz.

Shu bilan birga Markaziy Bank Samarqand viloyat bosh boshqarmasi 18 mln so'mga logotip tushirilgan 50 ta beyjik, bloknot, papka, bukletik va paketlarni sotib oldi. Xaridlar orasida deyarli 5 millionlik shartnomani ham ko'rish mumkin, bu pullarga boshqarma 8 ta banner va 2 ta Roll up yasattirmoqda. 19-may kuni tuzilgan shartnomada esa bank 3 kunlik Mersedes biznes klassni umumiy hisobda 13,2 mln so'mga ijaraga olgani qayd etilgan.

Umid qilamizki tadbir bo'yicha batafsil ma'lumotlar e'lon qilinadi va bu sarf-xarajatlar aynan qaysi tadbirga yo'naltirilganini bilib olamiz.

#markaziy bank#tender#pul#Samarqand#sum#davlat xaridi#tadbir#xarajat

Xabarni ulashish:

Eng ko'p o'qilganlar