Tilmoch.ai startapi Qozog‘iston bozoriga kirdi. Bu haqda startap vakili tanga.uz nashriga xabar berdi.
Qozog'istonda Tilmoch.AI'ning narxi oyiga 4 dollarni tashkil etib, ekvayring xizmatini Octobank amalga oshiradi.
Tilmoch.ai asoschisi Muhammadsaid Mamasaidov Qozog‘istonda hali rasman tasdiqlangan lotin alifbosi yo‘qligini, shu bois Tilmoch.ai faqat kirill alifbosida ishlashini aytdi.
Kompaniya xabariga ko'ra, Tilmoch.ai jamoasi o‘zlarining mashina tarjima tizimini minglab kitoblar, hujjatlar, veb-saytlar va boshqa matn materiallarini o‘z ichiga olgan keng qozoq tili korpusida o‘rgatgan. Bu qozoq tilining o‘ziga xos xususiyatlari va nozik jihatlariga moslashtirilgan tarjimon yaratishga imkon bergani aytildi. Ayni paytda o'zbek startapi qozoq tilida boshqa muqobillarga nisbatan yaxshiroq tarjima qilayotgani qayd etildi.
Kompaniya haqida
Mazkur startap Inha universiteti talabalari tomonidan 2023-yilda asos solingan. Asoschisi Muhammadsaid Mamasaidov hisoblanadi. Startap o'z ibtidosini "Tahrirchi" nomida boshlagan. Eng avvalida startap o'zbek tilida ishlovchi onlayn klaviatura (T9) bo'lgan. Loyiha mGovAward tanlovida g'olib bo'lgan (mazkur tanlov hozirda to'xtatilgan - tahr) va 50 ming AQSh dollari miqdorida grantga ega chiqqan. Keyinchalik startap 2023-yilgi President Tech Award tanlovida sun'iy intellekt yo'nalishida 1-o'rinni qo'lga kiritgan va 100 ming AQSh dollari miqdoridagi sovringa ega chiqqan.
Bugungi kunda O'zbekistonda mazkur platformadan foydalanuvchilar soni 130 mingdan oshgan. Platforma tushumi asosan "business-to-customer" (B2C), ya'ni jismoniy shaxslar orqali keladi. Kompaniya mijozlari orasida yuridik shaxslar ham talaygina. Xususan, platforma "itv" startapi bilan hamkorlikda xorij filmlariga subtitr qo'yishni ham joriy etgan. O'zbekistonning ko'plab noshirlari ushbu platformadan foydalanadi.
O'zbekistonliklar Tilmoch va Tahrirchi xizmatlaridan foydalanishi mumkin. Premium obuna narxi 50 ming so'mni tashkil qiladi. Tilmoch/Tahrirchi o'zbek tilidan rus, ingliz, turk, qozoq, qoraqalpoq tillariga hamda ushbu tillardan o'zbek tiliga tarjima borasida eng yaxshi yechimlardan biri sanaladi. Platforma sayti orqali koreys hamda xitoy tillari ustida ish olib borilayotganini ko'rish mumkin.
Tilmoch.ai kelajakda Markaziy Osiyodagi barcha asosiy tillarni, shuningdek, kavkaz tillarini ham qo‘shishni rejalashtirmoqda. Bundan ko'rinadiki, startap Markaziy Osiyo va Kavkaz davlatlariga kengayishni ko'zlamoqda.