O‘zbekiston Jahon savdo tashkilotiga (JST) a’zo bo‘lish jarayoni doirasida Buyuk Britaniya bilan olib borgan ikki tomonlama muzokaralarini muvaffaqiyatli yakunladi. Bu haqda prezidentning JST masalalari bo‘yicha maxsus vakili Azizbek Urunov o‘zining LinkedIn sahifasida ma’lum qildi.
Urunovning ta’kidlashicha, muzokaralar o‘tgan oy oxirida Londonda bo‘lib o‘tgan va tomonlar o‘zaro kelishuvga erishgan. Shundan so‘ng, O‘zbekistonda ichki huquqiy tartiblardan o‘tilib, 2025-yil 12-iyun kuni Jeneva shahrida bo‘lib o‘tadigan JST ishchi guruhining 10-yig‘ilishida bayonnomani imzolashga tayyorgarlik ko‘rilmoqda.
«O‘tgan oy oxirida biz Britaniya tomoni bilan ikki tomonlama muzokaralar o‘tkazish uchun Londonda bo‘ldik. Hozir ularning yakunlanganini e’lon qilishdan mamnunman», — dedi Urunov.
Shu tariqa, Buyuk Britaniya O‘zbekiston bilan JSTga kirish masalalari bo‘yicha muzokaralarni yakunlagan 24-davlatga aylandi. Bu esa O‘zbekistonning JSTga to‘laqonli a’zo bo‘lish yo‘lidagi muhim qadamlaridan biri hisoblanadi.
Ma’lumot uchun, JSTga a’zo bo‘lish uchun nomzod davlat savdo tizimidagi ochiqlik va adolatli raqobat tamoyillariga moslashishi, hamda joriy a’zo davlatlardan istalganlari bilan — ya’ni bozorlariga kirishdan manfaatdor har bir a’zo bilan — ikki tomonlama muzokaralar olib borishi lozim. Bu muzokaralarda har bir a’zo davlat o‘z milliy manfaatlarini hisobga olgan holda, nomzod davlatdan tovarlar va xizmatlar sohasida muayyan ochiqlikni talab qilishi mumkin.
JSTda a’zolik uchun necha davlat bilan kelishuv kerak?
JSTda a’zolikka qabul qilinish uchun belgilangan aniq minimal sonidagi kelishuvchi davlatlar yo‘q. Ammo amaliyotda 20–30 ta davlat bilan muzokaralar olib borish talab etiladi. Nomzod davlat barcha qiziqish bildirgan JST a’zolari bilan kelishuvga erishishi shart. Masalan, Qozog‘iston 30 ga yaqin davlat bilan, Gruziya esa 17 davlat bilan ikki tomonlama muzokaralar olib borgan.
O‘zbekiston hozirgacha 38 davlat bilan muzokaralar boshlab, shundan 24 tasi bilan kelishuvga erishgan.
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston 1994-yildan buyon JSTga a’zo bo‘lish uchun muzokaralar olib bormoqda va so‘nggi yillarda ushbu jarayon faollashib, yangi bosqichga ko‘tarildi.