Humans O‘zbekiston hukumati ustidan xalqaro arbitrajga murojaat qildi

03.06.2025 12:02
O‘zbekistondagi Humans kompaniyasiga egalik qiluvchi Humans Mobile Ltd O‘zbekistonga qarshi arbitraj jarayonini rasman boshladi. 30-maydagi tegishli da’vo arizasi Jahon banki huzuridagi Investitsiya nizolarini hal qilish bo‘yicha xalqaro markaz bazasida ro‘yxatga olingan.
Humans O‘zbekiston hukumati ustidan xalqaro arbitrajga murojaat qildi

Foto: Humans.uz

Humans Mobile Ltd kompaniyasi O‘zbekistonga qarshi arbitraj jarayonini rasman boshladi. 

30-maydagi tegishli da’vo arizasi Jahon banki huzuridagi Investitsiya nizolarini hal qilish bo‘yicha xalqaro markaz (ICSID) bazasida ro‘yxatga olingani va ko‘rib chiqilayotgani ma’lum qilindi

Bunda javobgar sifatida Adliya vazirligining O‘zbekiston manfaatlarini huquqiy himoya qilish boshqarmasi ko‘rsatilgan. 

Ma’lumot o‘rnida, Humans Mobile Ltd — Humans Group xalqaro xoldingi tarkibiga kiruvchi va Humans kompaniyasining O‘zbekistondagi biznesiga egalik qiluvchi, Singapurda ro‘yxatdan o‘tgan kompaniya hisoblanadi.

Da’vo kiritilishiga nima sabab bo‘lgan?

O‘zbekiston va Singapur hukumatlari o‘rtasida 2003-yil 15-iyulda imzolangan bitim 2003-yilning 23-noyabridan kuchga kirgan edi. 

Kompaniya da’voning sababini o‘sha bitimdagi Investitsiyalarni rag‘batlantirish va himoya qilish to‘g‘risidagi ikki tomonlama kelishuv qoidalarining buzilishi deb izohlagan

Arbitraj muhokamasida O‘zbekiston Markaziy banki va O‘zbektelekom kompaniyasining xatti-harakatlari tufayli yetkazilgan zararni qoplash talab qilmoqda.

Humans kompaniyasining Markaziy bank va O‘zbektelekom bilan qanday ziddiyati bor?

2024-yilning sentyabr oyida Markaziy bank Humans kompaniyasiga tegishli bo‘lgan UPay to‘lov xizmatining faoliyatini 6 oyga chekladi

Bu cheklovga Markaziy bankning o‘sha vaqtdagi raisi Mamarizo Nurmuratov fuqarolarning pullari bukmekerlik kompaniyalariga noqonuniy o‘tkazilganini sabab qilib ko‘rsatgandi. 

2025-yilning 26-martiga kelib esa cheklovlar bekor qilingan.

May oyiga kelib esa Humans Raqobat qo‘mitasiga O‘zbektelekom’ga nisbatan monopoliyaga qarshi ish ochishini so‘rab murojaat qiladi. 

Murojaatda davlat operatori qarzdorlik bahonasida Humans uchun internet tezligini pasaytirib, xizmatlarga "monopol yuqori narx" belgilagani va kamsituvchi sharoitlar yaratgani bayon qilingan.

Mazkur holatlarga Humans Group bosh direktori va asoschisi Vladimir Dobrinin quyidagicha izoh bergan: 

Biz O‘zbekistonga va uning fuqarolariga doimo ishonganmiz va ishonamiz. Biz prezidentning iqtisodiyotni modernizatsiya qilish, raqamlashtirish va tadbirkorlik erkinliklarini kengaytirish borasidagi sa’y-harakatlarini qadrlaymiz. Transformatsiya yo‘lida erkin bozorni yaratish, ochiqlikni oshirish va o‘sishni jadallashtirish bo‘yicha sa’y-harakatlarga to‘siqlar ham uchrashini tushunamiz. Biz O‘zbekistonning qonun ustuvorligi asosida va amaldorlar zo‘ravonligisiz o‘zgarishi tarafdorimiz.

Shuningdek, Dobrinin arbitraj muhokamasini "investorlar o‘z manfaatlarini insofsiz ma’muriyatchilikdan himoya qilishning madaniyatli vositasi" deya ta’rifladi. 

Humans Group sud jarayoni "adolatli tartibga solish tamoyillarini mustahkamlash va tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlashga" xizmat qilishini ta’kidlab, yetkazilgan zararni qoplashni talab qilmoqda. Zarar miqdori hozircha ochiqlanmagan.

#upay#Humans Mobile Ltd#Vladimir Dobrinin

Eng ko'p o'qilgan