2025-yilning 1-choragida davlat oliy ta'lim muassasalari 2,8 trillion so'm daromad ko'rgan, ularning xarajatlari esa 2,4 trillion so'mni tashkil qildi. Daromadlarning 63,3% (1,8 trln so'm)ni "kontrakt" tushumlari tashkil qildi, xarajatlarning 64,4% (1,5 trln so'm) esa stipendiya bo'yicha to'lovlarga to'g'ri keldi.
Ma’lumotga ko’ra, ushbu davrda eng ko’p daromadni Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti topgan. 2025-yilning ilk 3 oyida bu OTM 219 milliard so’mlik daromad ko’rgan. Universitet daromadining asosiy manbayi (79,4%) to’lov-shartnoma bo’yicha mablag’lar, ya’ni talabalarning “kontrakt”i hisoblanadi.
Iqtisodiyot universitetiga o’xshab birinchi chorakda to’lov-shartnoma mablag’lari asosida qisman yoki to’liq o’z o’zini qoplagan OTMlar bir qancha:
- Nukus davlat texnika universiteti - 100%
- Namangan davlat texnika universiteti - 99,7%
- Qo‘qon davlat universiteti - 98,5%
- Farg‘ona davlat texnika universiteti - 92,7%
- Qarshi davlat texnika universiteti - 83,4%
- Toshkent kimyo-texnologiya instituti Shahrisabz filiali - 81,9%
- Samarqand iqtisodiyot va servis instituti - 81,5%
Xarajatlar borasida ham Toshkent iqtisodiyot universiteti oldinda (202 mlrd so’m), Ushbu OTM o’z xarajatlarining 80,8%i (163,8 mlrd so’m)ni talabalarga stependiya ajratib sarflaydi.
Xarajatlar bo’yicha Top-20likdan O’zbekiston milliy universiteti (144.2 mlrd so’m), Qoraqalpoq davlat universiteti (118,8 mlrd so’m) va NamDU (99,9 mlrd so’m) ham joy olgan.
Ammo yuqoridagi liderlarning hech biri sof foyda bo’yicha birinchi o’rinda bo’la olmadi. Sof foyda bo’yicha eng yuqori ko’rsatkichni (72 mlrd so’m) Jahon tillari universiteti qayd etdi. Ushbu OTM 2024-yilning 1-oktyabr holatida 27 milliard so’m defitsitda edi. 2024-yilning yillik hisoboti hali e’lon qilinmagani sabab, Jahon tillari universiteti uchun o’tkan yili qanday yakunlanganini aniqlash imkoni yo’q
2025-yilning birinchi choragini hech bir OTM defitsit bilan tugatmadi. 2024-yilning oktyabr holatida ular bir nechta edi. Bunga asosiy sabab ham bu ma’lumotlar aynan yilning boshiga tegishli ekani deyish mumkin, yilni oxiriga kelib biz ma’lum tendensiyani kuzatamiz.