iHamkor startaplar uchun 6 oy bepul API taqdim etadi

05.06.2025 06:18
iHamkor texnologik startaplar uchun iHamkor for Startups dasturini e’lon qildi. Ushbu dastur startaplarga iHamkor API’dan 6 oy davomida bepul foydalanish imkoniyatini beradi.
iHamkor startaplar uchun 6 oy bepul API taqdim etadi

iHamkor texnologik startaplar uchun iHamkor for Startups dasturini e’lon qildi

Bu dastur startaplarga iHamkor’ning API’sidan 6 oy davomida bepul foydalanish imkonini beradi.

Kimlar bu imkoniyatdan foydalana oladi?

Mazkur imkoniyatdan O‘zbekistonda ro‘yxatdan o‘tgan va IT Park rezidenti bo‘lgan, dastlabki bosqichdagi daromadi 500 mln so‘mgacha va xodimlari soni 10 nafargacha bo‘lgan startaplar foydalana oladi.

iHamkor for Startups dasturi startaplarga nima beradi?

  • iHamkor API’dan 6 oygacha bepul foydalanish;
  • integratsiya jarayonida ko‘maklashish va texnik yordam;
  • taqdimotlar va veb-saytda "iHamkor asosida ishlab chiqilgan" belgisini qo‘llash huquqi;
  • hamkorlikdagi maqolalar va amaliy misollar tayyorlashda qatnashish imkoniyatini beradi.

Bu dasturning ishga tushishi haqida iHamkor vakili Asqar Ismoilov quyidagicha fikr bildirdi:

Biz iHamkor startaplar uchun AWS infratuzilma sohasida yoki Stripe moliya texnologiyalarida qanday o‘rin tutgan bo‘lsa, shunday darajaga chiqadi deb o‘ylaymiz. Agar sizning mahsulotingiz biznes ma’lumotlariga asoslangan bo‘lsa, demak bizning maqsadlarimiz bir xil hisoblanadi.

IT Park Uzbekistan bosh direktori Abdulaxad Kuchkarov esa quyidagicha fikr bildirdi:

IT Park’ning eng muhim vazifalaridan biri – innovatorlar zamonaviy texnologiyalarga ega bo‘lgan startap ekotizimini yaratishdir. iHamkor loyihasi – davlat va xususiy sektor hamkorligi O‘zbekistonda IT sohasining rivojiga qanchalik katta turtki berishi mumkinligining yorqin misoli hisoblanadi.

iHamkor API o‘z ichiga nimalarni oladi?

iHamkor API platformasi O‘zbekiston Soliq qo‘mitasi tomonidan taqdim etilgan keng qamrovli ma’lumotlardan foydalanish imkoniyatini beradi.

Yuridik shaxslarga oid quyidagi ma'lumotlarni olish mumkin:

  • ro‘yxatdan o‘tkazish ma’lumotlari
  • aloqa ma’lumotlari
  • soliq rejimlari
  • soliq va ijtimoiy to‘lovlar to‘g‘risidagi ma’lumotlar
  • aylanmalar
  • foyda
  • qarzlar va mulkchilik tuzilmasi.

Jismoniy shaxslarga tegishli quyidagi ma'lumotlarni olish mumkin:

  • daromadlar
  • ish haqi
  • ushlab qolingan va ajratilgan mablag‘lar to‘g‘risidagi ma’lumotlar.

Bu ma’lumotlarning ayrimlariga kirish uchun egalarining roziligini olish talab etiladi.

iHamkor'ning mavjud API va ma’lumot toifalarining to‘liq ro‘yxati ushbu havolada joylashtirilgan.

Ariza qanday topshiriladi?

Ariza ushbu havola orqali to'ldiriladi. Unda quyidagi ma'lumotlar so'raladi:

  • startap nomi va STIR (agar mavjud bo‘lsa)
  • vakilning F.I.Sh. va aloqa ma’lumotlari
  • mahsulotning qisqacha tavsifi
  • rivojlanish bosqichi (pre-seed, seed va hokazo)
  • xodimlar soni
  • hozirgi daromad darajasi (agar mavjud bo‘lsa)

So‘ralgan barcha bandlar to‘liq to‘ldirilganiga ishonch hosil qilgandan so‘ng arizani jo'natish kerak.

Ariza javobi uch ish kunida yuboriladi. Agar ariza qanoatlantirilgan bo‘lsa, iHamkor xodimlari bog‘lanib, ishtirok etish shartnomasini va API kirish kalitini jo‘natadi.

iHamkor haqida

iHamkor — bu ishonchli va hujjatlashtirilgan ma’lumotlarni taqdim etuvchi ko‘p vazifali avtomatlashtirilgan axborot tizimidir.

Tizim O‘zbekiston Respublikasi qonunchiligiga muvofiq soliq to‘lovchilar to‘g‘risidagi ma’lumotlar va boshqa ma’lumotlarga to‘siqsiz kirishni ta’minlaydi.

U "DEFEN FINANCIAL" MChJ tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 19-avgustdagi "Soliq to‘lovchilar to‘g‘risidagi ma’lumotlarni uchinchi shaxslarga taqdim etish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi 529-sonli qaroriga muvofiq, 2022-yil 24-mayda imzolangan "Ishonchli hamkor" avtomatlashtirilgan axborot tizimini ishlab chiqish va joriy etish bo‘yicha davlat-xususiy sheriklik to‘g‘risida"gi DXSH/52-2022-sonli bitim asosida ishlab chiqilgan.

#it park#ihamkor#iHamkor for Startups

Eng ko'p o'qilgan