TBC Bank Group O‘zbekistondagi faoliyatini rivojlantirish uchun $200 mlnlik obligatsiya chiqaradi

09.06.2025 07:59
TBC Bank Group O'zbekistondagi faoliyatini rivojlantirish uchun 200 mln dollarlik obligatsiyalarni Viena MTF platformasiga joylashtirilishini e'lon qildi. Hisob-kitoblar AQSh dollarida amalga oshiriladi, kupon stavkasi soʻmda 22 foizni tashkil etadi.
TBC Bank Group O‘zbekistondagi faoliyatini rivojlantirish uchun $200 mlnlik obligatsiya chiqaradi

Foto: TBC Bank

TBC Bank Group kompaniyasi TBC Uzbekistan’ning o'sishini tezlashtirish uchun 200 mln AQSh dollari miqdoridagi obligatsiyalarni joylashtirishi haqida e’lon qildi.

Uch yillik sintetik obligatsiyalar oʻzbek soʻmida taqdim etiladi, hisob-kitoblar AQSh dollarida amalga oshiriladi, kupon stavkasi soʻmda 22 foizni tashkil etadi. Muomalaga kiritish bir nechta transhlarda amalga oshiriladi: birinchisi — 140 mln AQSh dollari hajmida, qolganlari esa 12-18 oylik muddatga, 60 mln AQSh dollari hajmida. Obligatsiyalar Viena MTF (Avstriya) platformasida joylashtiriladi.

Yig‘ilgan mablag‘lar TBC Uzbekistan’ni rivojlantirish va ekotizimning mahsulot qatorini kengaytirishga yo‘naltirilishi ma'lum qilindi.

Avvalroq, TBC Bank Uzbekistan va payme’ning yagona egasi bo‘lgan TBC Digital kompaniyasi 4 trln 19 mlrd so‘mlik oddiy aksiyalarni sotuvga chiqarishi ma'lum qilingandi. Aksiyalar 15-may kuni davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgan bo‘lib, yopiq usulda joylashtirilishi belgilangandi.

Eslatib o‘tamiz, TBC Bank Uzbekistan 2024-yilning oxirida 128 mlrd so‘mlik obligatsiyalarni yopiq obuna orqali sotuvga chiqargan edi.

#TBC Bank#TBC Bank group#TBC Uzbekistan#TBC DIGITAL

Eng ko'p o'qilgan