Starlink Qozog‘istonda rasman joriy etilmoqda. Bu haqda Forbes.kz nashri xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, Starlink foydalanuvchi terminallarining sotuvlari 2025-yilning III choragidan boshlanishi kutilmoqda.
Shu paytgacha u qishloq maktablarida aloqani ta’minlash uchun qo‘llanilgan bo‘lib, keng ommaga ulanish imkoniyati mavjud emas edi.
Endi esa Starlink Qozog‘iston qonunchiligiga, jumladan, axborot xavfsizligi va aloqa sohasidagi talablarga rioya etishga rozilik bildirdi.
Kelishuvda SpaceX sun’iy yo‘ldoshlaridan signal qabul qiluvchi qurilmalar deb nomlanadigan Starlink uskunalarini rasmiy sotib olish, foydalanish va ro‘yxatdan o‘tkazish imkoniyati ko‘zda tutilgan.
Ushbu texnologiya optik tolali tarmoqlarni o‘tkazish imkonsiz yoki iqtisodiy jihatdan maqsadga muvofiq bo‘lmagan qiyin va uzoq hududlar uchun yechim bo‘lishi kutilmoqda.
Starlink — SpaceX kompaniyasiga qarashli sun’iy yo‘ldoshlar orqali internet xizmatini taqdim etuvchi tizim hisoblanadi. U yer sharining istalgan nuqtasiga yuqori tezlikdagi va barqaror internet aloqasini yetkazib berish maqsadida ishlab chiqilgan.
