Toshkent shahridagi Samarqand Darvoza savdo markazi hududida joylashgan Magnum supermarketi yopildi.
Bu haqda ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilari xabar tarqatdi. Hozircha kompaniya bu borada rasmiy bayonot bermagan.
Ijtimoiy tarmoqlardagi ma’lumotlarga ko‘ra, boshqa Magnum filiallarida ham tovarlar turlarining soni sezilarli darajada kamayib bormoqda. Odatda, bunday holat do‘kon yopilishi arafasida kuzatiladi.
Eslatib o‘tamiz, 1 oy avval Magnum Chilonzordagi Atlas va Yunusoboddagi do‘konlarini yopib, ularni yangi manzilga ko‘chirgan edi.
Hozirda bu filiallar Bunyodkor ko‘chasi 52-uyda joylashgan Magnum Integro‘da faoliyat yuritmoqda.
Ma’lumot uchun, Magnum O‘zbekistondagi ilk do‘konini 2021-yilda ochgan. 2023-yilga kelib filiallar soni oltitaga yetgan.
Kompaniya hozirda O‘zbekistonda 1 mingdan ortiq korxona bilan hamkorlik qiladi.
2023-yilda Magnum Halyk Group yordamida O‘zbekistondagi Carrefour supermarketlari tarmog‘ini sotib olgandi.
Magnum haqida
Magnum Cash & Carry kompaniyasi 2007-yilda tashkil etilgan. Hozirda uning Qozog‘istonda 230 dan ortiq do‘koni mavjud.
Magnum do‘konlari quyidagicha formatlarda ish olib boradi:
- Tarmoq Magnum 24/7 (gipermarket)
- Magnum super
- Magnum express
- Magnum daily (uy yonidagi minimarket)
Forbes Kazakhstan reytingiga ko‘ra, kompaniya Qozog‘istondagi eng yirik 50 ta xususiy kompaniya orasida 7-o‘rinni egallaydi.
Tarmoq egasi — Caspian Trading Investment Co. Ltd bo‘lib, uning asoschilari Azamat Osmonov va Aleksandr Rodenkov hisoblanadi.
