To‘lov xizmatlarini ko‘rsatuvchi Click kompaniyasi 2024-yil yakunlari bo‘yicha auditdan o‘tgan moliyaviy hisobotini e’lon qildi.
Hisobotga ko‘ra, kompaniya yillik tushumi 42,8 foizga o'sib, 516,4 mlrd so‘mga yetdi.
Sof foyda esa o‘tgan yilga nisbatan qariyb 90 mlrd so‘mga yoki 43,7 foizga ko‘payib, 295,1 mlrd so‘mni tashkil etgan.
Yil yakunida Click'ning aktivlari 172,6 mlrd so‘mga ortib, 433,5 mlrd so‘mga teng bo'ldi. Bunda taqsimlanmagan foyda 75 mlrd so‘m, ustav kapital esa 10 mlrd so‘mni tashkil qildi.
Shu bilan birga, joriy yilning 21-aprelida kompaniya ustav kapitalini yana 10 mlrd so‘mga oshirayotganini ma’lum qilgandi.
Majburiyatlarga to‘xtaladigan bo‘lsak, uzoq muddatli qarzlar 3,4 mlrd so‘mga kamayib, 9,1 mlrd so‘mni tashkil qildi.
Qisqa muddatli majburiyatlar esa 338,7 mlrd so‘mga teng bo‘lib, shundan 124,6 mlrd so‘mi dividendlar bo‘yicha to‘lovlarga, 138 mlrd so‘mi esa kredit qarzdorligiga to‘g‘ri keladi.
Xarajatlar tarkibida ma’muriy xarajatlar 88,6 mlrd so‘m, reklama va marketing uchun esa 60 mlrd so‘m sarflandi.
Ma’lumot uchun, bugungi kunda Click foydalanuvchilari soni 20 mln nafardan oshadi.
Oylik tranzaksiyalar soni esa 35 mlndan ko‘proqni tashkil qilmoqda.