2025-yilning 23-iyun kuni Soliq qo‘mitasi o‘zining Telegram kanalida O‘zbekistonda faoliyat yuritayotgan yirik chakana savdo tarmoqlariga oid ma’lumotlarni e’lon qildi.
Biroq xabar ko‘p o‘tmay kanaldan o‘chirib tashlandi. O‘chirilishidan oldin mavjud bo‘lgan ma’lumotlarga asoslanib, tanga.uz quyidagilarni ma’lum qiladi.
Unga ko‘ra, 2025-yilning yanvar-may oylarida O‘zbekistondagi yettita yirik chakana savdo tarmog‘ining tovar aylanmasi 7,1 trln so‘mdan ko‘proqni tashkil qilgan.
Manba: Soliq qo'mitasi
Bu yirik chakana savdo tarmoqlari tarkibiga Korzinka, Havas, Makro, Olma, Baraka, Magnum hamda bi1 kiradi. Ularning mamlakat chakana savdo bozoridagi ulushi 43 foizni tashkil etmoqda.
Gigantlar 5 oy davomida 12 ming 557 turdagi mahsulotni 1 mln 907 ming 620 nafar xaridorga sotishgan. Ulardagi o‘rtacha chek miqdori 72 ming 860 so‘mni tashkil etadi.
Jami xodimlar soni esa 22 ming 760 nafarga teng hisoblanadi. Ushbu davr mobaynida xodimlarga to‘langan ish haqi 655 mlrd 260,6 mln so‘mni tashkil etgan. O‘rtacha ish haqi esa 5,8 mln so‘mga teng bo‘lgan.
Ushbu yettita tarmoqning besh oy davomida to‘lagan soliqlari bo‘yicha taqsimlanishi quyidagicha:
- Korzinka — 140 mlrd 452,5 mln so‘m
- Makro — 17 mlrd 733,9 mln so‘m
- Havas — 17 mlrd 350,6 mln so‘m
- Olma — 10 mlrd 455,1 mln so‘m
- Baraka — 4 mlrd 989,2 mln so‘m
- Magnum — 2 mlrd 338,4 mln so‘m
- bi1 — 2 mlrd 149,4 mln so‘m
O‘rtacha chek bo‘yicha
- Korzinka — 140 ming 452 so‘m
- Baraka — 72 ming 575 so‘m
- Magnum — 67 ming 112 so‘m
- Makro — 54 ming 457 so‘m
- Havas — 37 ming 392 so‘m
- Olma — 33 ming 632 so‘m
- bi1 — 24 ming 447 so‘m
Xodimlar soni bo‘yicha
- Korzinka — 13 ming 173 nafar
- Havas — 3 ming 432 nafar
- Olma — 2 ming 103 nafar
- Makro — 2 ming 68 nafar
- Magnum — 851 nafar
- Baraka — 794 nafar
- bi1 — 521 nafar
Xodimlarning o‘rtacha ish haqi bo‘yicha
- Korzinka — 6,5 mln so‘m
- Baraka — 5,3 mln so‘m
- Magnum — 5,1 mln so‘m
- Makro — 5 mln so‘m
- Havas — 4,4 mln so‘m
- Olma — 4,3 mln so‘m
- bi1 — 3,8 mln so‘m
Eslatib o‘tamiz, 2025-yilning yanvar-mart oylarida Korzinka’ga egalik qiluvchi kompaniya 82,9 mlrd so‘m soliq to‘lab, savdo sohasidagi korxonalar orasida yetakchi bo‘lgandi.