IT Park Ventures 5 ta startapga jami 1 mln 560 ming dollar sarmoya kiritdi

24.06.2025 11:25
24-iyun kuni Samarqand viloyatida o‘tkazilayotgan texnologik forumda IT Park Ventures 5 ta startapga umumiy hisobda 1 mln 560 ming dollar miqdorida sarmoya kiritdi.
IT Park Ventures 5 ta startapga jami 1 mln 560 ming dollar sarmoya kiritdi

Foto: outsource.gov.uz

Bugun, 24-iyun kuni Samarqand viloyatida Ko‘rfaz mamlakatlari va O‘zbekiston o‘rtasida texnologik forum o‘tkazilmoqda.

Unda IT Park Ventures quyidagi 5 ta startapga jami 1 mln 560 ming dollar miqdorida sarmoya kiritdi:

  • Flex Soft — 1 mln dollar
  • Push 30 — 300 ming dollar
  • Cradle — 110 ming dollar
  • Bito — 100 ming dollar
  • Coozin — 50 ming dollar

Sarmoya jalb qilgan startaplar haqida

Flex Soft — O‘zbekistonda lombardlar va mikromoliyaviy tashkilotlar (MMT) uchun zamonaviy, kompleks dasturiy yechimlar ishlab chiqarishga ixtisoslashgan kompaniya hisoblanadi.

Foto: IT Park Ventures

U o‘z mijozlariga 17 dan ortiq ishlab chiqarish dasturlarini taklif etadi.

Ushbu dasturlar moliyaviy tashkilotlarning asosiy faoliyatini to‘liq avtomatlashtirish, buxgalteriya hisobi, hisobotlar tayyorlash, mijozlar bilan ishlash va davlat idoralariga ma’lumot uzatish jarayonlarini yengillashtirishga xizmat qiladi.

Push30 — korporativ mijozlarga fitnes xizmatlarini ko‘rsatishga ixtisoslashgan kompaniyadir.

Hozirda Push30 Ozarbayjon va O‘zbekiston (Toshkent) bozorlarida faoliyat olib bormoqda.

Foto: IT Park Ventures

Cradle — sun’iy intellekt texnologiyalaridan foydalanib, biznes jarayonlarini avtomatlashtirish va takomillashtirishga qaratilgan innovatsion startap hisoblanadi.

U kompaniyalarga xodimlar faoliyatini nazorat qilish, mijozlar oqimini tahlil etish va ish jarayonlari samaradorligini oshirishda ko‘maklashadi.

Foto: IT Park Ventures

Bito ERP — biznesni avtomatlashtirish hamda qog‘ozbozlik va chalkashliklardan xalos bo‘lishga yordam beradigan zamonaviy yechimdir.

Ayni paytda Bito ERP O‘zbekiston, Qozog‘iston va Tojikistonda faoliyat yuritmoqda.

Coozin — taomlarni tez yetkazib berishga ixtisoslashgan xizmat hisoblanadi.

Foto: IT Park Ventures

Shunday qilib, IT Park Ventures sarmoya kiritgan startaplari sonini 8 taga yetkazdi.

Bundan avval, joriy yilning mart oyida Unitlab AI, Geomotive hamda Datatruck strataplariga umumiy hisobda 650 ming dollar sarmoya kiritgan edi.

#Flex Soft#Push 30#Cradle#Bito#Coozin

Eng ko'p o'qilgan