May oyida aholiga tegishli depozitlar qoldig‘i qariyb 5 trln so‘mga ko‘paygan

26.06.2025 12:22
MB ma’lumotlariga ko‘ra, may oyida tijorat banklarning kredit portfeli qoldig‘i qariyb 2 trln so‘mga qisqargan. Aholiga tegishli depozitlar qoldig‘i esa aprel oyida 753 mlrd so‘mga, may oyida esa 4 trln 577 mlrd so‘mga ko‘paygan. Banklarning kredit portfeli qoldig‘i hamda depozitlari haqida batafsil:
May oyida aholiga tegishli depozitlar qoldig‘i qariyb 5 trln so‘mga ko‘paygan

Foto: marketwatch.com

Markaziy bank 2025-yilning 1-iyun holatiga ko‘ra, tijorat banklarining kredit portfeli hamda depozitlari to‘g‘risidagi ma’lumotni taqdim etdi.

Manba: Markaziy bank

Depozitlar

1-iyun holatiga ko‘ra, tijorat banklarining depozit qoldig'i 345 trln 642 mlrd so‘mni tashkil etmoqda. Bu 1-may holatiga nisbatan 6 trln 482 mlrd so‘mga ko'proqdir.

Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 1-aprel sanasidan boshlab banklarda depozitlarning eng yuqori foiz stavkasi 3 foiz bandga kamayib, 23 foizga tushgandi. 

Shunga qaramay, aprel oyi davomida banklardagi depozitlar qoldig'i oshgan: yuridik shaxslarga tegishli depozitlar qoldig'i 12 trln 454 mlrd so‘mga, jismoniy shaxslarniki esa 753 mlrd so‘mga ko‘paygan.

May oyi davomida esa jismoniy shaxslarga tegishli depozitlar qoldig'i 4 trln 577 mlrd so‘mga, yuridik shaxslarniki esa 1 trln 905 mlrd so‘mga oshgan.

1-iyun holatiga ko‘ra, eng ko‘p depozit qoldig'iga ega TOP-5 ta bank:

  • O‘zmilliybank — 41 trln 944 mlrd so‘m
  • Kapitalbank — 38 trln 222 mlrd so‘m
  • Xalq banki — 25 trln 944 mlrd so‘m
  • Ipoteka-bank — 24 trln 968 mlrd so‘m
  • SQB — 25 trln 370 mlrd so‘m

Bu beshta bankdagi depozit qoldig'i, barcha banklardagi umumiy depozitlar qoldig'ining 45,3 foizini tashkil etadi.

Hozirda Yevroosiyo Banki’dan tashqari barcha banklarda depozitlar mavjud. Ulardagi depozit qoldig'ining katta qismi esa yuridik shaxslarga tegishlidir.

Biroq, Hamkorbank, TBC Bank, ANORBANK, InFinBank, Tenge Bank, Ziraat Bank, Universal Bank, Yangi Bank va Smartbank’lardagi depozitlar qoldig'ining katta ulushi jismoniy shaxslarga tegishli hisoblanadi.

Masalan, TBC Bank’dagi 6 trln 92 mlrd so‘mlik depozit qoldig'ining 5 trln 366 mlrd so‘miga jismoniy shaxslar egalik qiladi.

Kapitalbank hozirda 23 trln 466 mlrd so‘mlik jismoniy shaxslarga tegishli depozit qoldig'i bilan bu borada yetakchilik qilmoqda.

Banklarning kredit portfeli

1-iyun holatiga ko‘ra, banklarning kredit portfeli qoldig'i 567 trln 685 mlrd so‘mni tashkil etmoqda. Buning 389 trln 198 mlrd so‘mi yoki 68,6 foizi davlat banklariga tegishlidir.

May oyi davomida davlat banklarining kredit portfeli qoldig'i 123 mlrd so‘mga, boshqa banklarniki esa 1 trln 994 mlrd so‘mga qisqargan.

Ma’lumot uchun, banklarning kredit portfeli — bu banklar tomonidan ajratilgan, ammo hali qaytarilmagan kreditlar summasidir. Masalan, yangi tashkil etilgan bank o‘zining birinchi mijoziga 500 mln so‘m kredit ajratsa, uning kredit portfeli 500 mln so‘mni tashkil qiladi. Agar mijoz ushbu kreditning 100 mln so‘mini to‘lasa, bank portfeli 400 mln so‘mga tushadi. Kredit to‘liq qaytarilganda esa portfel hajmi nolga teng bo‘ladi.

Hozirda O‘zmilliybank kredit portfelining qoldig‘i 108 trln 535 mlrd so‘mni tashkil etadi. Ushbu summaning 88 trln 609 mlrd so‘mi yuridik shaxslarga tegishlidir.

Odatda ko‘p banklar kredit portfeli qoldig'ining katta qismini yuridik shaxslar tashkil qiladi.

Biroq, hozirda Xalq banki, BRB, Ipoteka-bank, Kapitalbank, TBC Bank, ANORBANK, Davr-bank va AVO Bank kredit portfeli qoldig'ida jismoniy shaxslarning ulushi yuqori bo'lib turibdi.

#omonat#tijorat banklari#kredit partfeli

Eng ko'p o'qilgan