Qaysi to‘lov tizimida xizmatlar arzonroq: UZCARD yoki HUMO?

29.06.2025 09:36
UZCARD va HUMO to‘lov tizimlari 2025-yilda bir necha bor xizmat ko‘rsatish tariflarini yangiladi. Mazkur tariflar banklar, to‘lov tashkilotlari hamda fintex kompaniyalariga nisbatan tatbiq etiladi. Ularda amalda bo‘lgan ta’riflar haqida batafsil:
Qaysi to‘lov tizimida xizmatlar arzonroq: UZCARD yoki HUMO?

“Milliy banklararo protsessing markazi” AJ (HUMO to‘lov tizimi) hamda "Yagona umumrespublika protsessing markazi" AJ (UZCARD to‘lov tizimi) 2025-yilda bir necha bor xizmat ko‘rsatish tariflarini yangiladi. Vaqt.uz ularning amalda bo‘lgan tariflarini taqqosladi.

Shuni alohida ta’kidlash kerakki, har ikkala to‘lov tizimidagi narxlarning oshishi mijozlarga ta’sir ko‘rsatmaydi.

Mazkur tariflar banklar, to‘lov tashkilotlari va fintex kompaniyalariga tatbiq etiladi. Biroq, tariflarning qimmatlashishi sohadagi mahsulotlar narxining oshishiga sabab bo‘lishi mumkin.

Xo‘sh, qaysi tizim arzonroq?

Avvalroq, HUMO to‘lov tizimi tariflari yangilanganda ijtimoiy tarmoqlarda narxlar keskin oshirilgani tanqid ostiga olingan edi.

Biroq, UZCARD'ning yangilangan tariflari bilan solishtirilganda HUMO tariflari birmuncha qulayroq ekani ma’lum bo‘ldi.

Xususan, kreditlar va avtoto‘lovlar uchun HUMO 0,1 foiz komissiya oladi, UZCARD esa bu 0,25 foizni tashkil qiladi.

Karta tarixi bo‘yicha ma’lumotlar:

  • UZCARD — 1–60 kun ichidagi ma’lumot BHMning 0,3 foizi, 61-kundan 365-kungacha 1,5 foizi;
  • HUMO — 90 kungacha tekin, 90 kundan ko‘prog‘iga 1 ming so‘m.

Terminallar orqali tovar va xizmatlar uchun to‘lovlar, bankomatlar orqali to‘lovlar ham UZCARD tizimida 2 barobar qimmatroq hisoblanadi.

Tariflarning shaffofligi va soddalashtirilgani bo‘yicha ham HUMO to‘lov tizimida afzalliklar mavjud. Jumladan, UZCARD’ning ko‘plab xizmatlari BHM miqdori bilan ko‘rsatilgan.

Bundan tashqari, UZCARD ko‘plab xizmatlarini individual shartnoma asosidagi narxlarda ko‘rsatishini qayd etgan. Bu xizmatlarni moslashtirish (customization) jihatdan qulaylik yaratsa-da, shaffoflikni kamaytiradi.

Qay biri qulayroq?

To‘lov tizimining qulayligi nafaqat komissiya foizlarida, balki u taqdim etayotgan xizmatlar soni va sifati bilan ham belgilanadi. Bu borada UZCARD va HUMO xizmatlarida yetarlicha farqlar mavjud.

UZCARD o‘zining moslashtirilgan tariflariga egaligi uchun har bir bank bilan alohida shartnoma asosida xizmat narxlari belgilanadi. Shu orqali katta hajmli va murakkab operatsiyalar uchun moslashuvchan narxlash imkoni ham mavjud.

Bu esa katta tashkilotlar uchun individual komissiya stavkalari va imtiyozlar bo‘lishi uchun zamin yaratadi. Tabiiyki, komissiya va tarif narxlari qimmatroq bo‘ladi.

HUMO esa ko‘proq standartlashtirilgan va shaffof tariflar tizimini taklif qiladi. Bunday tizim avvaldan prognoz qilish imkonini yaratadi. Shuningdek, HUMO to‘lov tizimida xalqaro kartalar bilan integratsiya qilish nisbatan arzonroqqa tushishi mumkin.

Xizmatlardagi farqlar kompaniyalarning moliyaviy natijalarida ham aks etgan. HUMO to‘lov tizimi 2024-yilda 168,3 mlrd so‘m sof foyda olgan bo‘lsa, UZCARD to‘lov tizimining sof foyda ko‘rsatkichi 955,7 mlrd so‘mni tashkil qilgan.

#humo#uzcard#tariflar

Eng ko'p o'qilgan