Oliy Majlis Senatining 8-yalpi majlisida Davlat soliq qo‘mitasi raisining birinchi o‘rinbosari Mubin Mirzayevning ma’lum qilishicha, hukumat tomonidan uy-joy sotish va xarid qilishda naqd puldan foydalanishni cheklash va bosqichma-bosqich faqat naqdsiz to‘lovlarga o‘tish bo‘yicha choralar ko‘rilmoqda.
Ko‘plab davlatlar 2030-yilgacha to‘lovlarni to‘liq naqdsiz shaklga o‘tkazishni maqsad qilgan. Biz ham yirik hisob-kitoblar tizimini naqdsiz shaklga o‘tkazishni rejalashtiryapmiz. Buni esa ko‘chmas mulk savdosidan boshlaymiz. Hozirda uy sotish va sotib olish jarayonlari, asosan, naqd pulda amalga oshiriladi. Yangi tartibga ko‘ra, to‘lovlar faqat bank orqali, qonuniy shaklda amalga oshirilishi kutilmoqda, — dedi Mirzayev Senat yig‘ilishida.
Uning ta’kidlashicha, Moliya vazirligi, Markaziy bank, Savdo-sanoat palatasi va tadbirkorlar ishtirokida maxsus Prezident qarori ishlab chiqilgan.
Ushbu loyihada ko‘chmas mulk operatsiyalarini bank orqali rasmiylashtirish, Payme, Click kabi to‘lov tizimlarini qonuniy aylanmaga jalb etish, hamda savdo tartib-qoidalarini buzmasdan amalga oshirish choralari belgilangan.
Bu faqatgina soliq tushumlarini oshirish emas, balki biznes muhitini sog‘lomlashtirish, ish haqlarini qonuniy tarzda to‘lash, iqtisodiyotning oshkoraligini ta’minlashga qaratilgan. Qaror qabul qilinsa, xufiyona iqtisodiyotga qarshi tizimli kurash boshlanadi, - deya qo‘shimcha qildi Mirzayev.