Qozog‘istonning Fonte Capital kompaniyasi AVO Bank’ning 50 foiz ulushini sotib olishi mumkin. Bu haqda Fonte Capital direktori Erjan Musin 26-iyun kuni Issiqko‘lda o‘tkazilgan Kapital bozorlar forumida ma’lum qildi.
Avvalroq, mazkur kompaniya bankning 500 mlrd so‘mlik obligatsiyalarini sotib olgandi. Erjan Musin ulushni sotib olish rejasi avval chiqarilgan obligatsiyalarni sotib olish orqali boshlanganini ta’kidladi.
Fonte Capital — bu investitsiya boshqaruvi bilan shug‘ullanuvchi kompaniya bo‘lib, u asosan turli yo‘nalishlardagi fondlarni tashkil etish, boshqarish va rivojlantirishga ixtisoslashgan.
AVO Bank bilan nimalar sodir bo'lmoqda?
2025-yilning 20-iyun kuni AVO Bank Kuzatuv kengashining navbatdan tashqari umumiy yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.
Unda kengash bank balansiga olinishi rejalashtirilgan, biroq moliyaviy xavf tug‘dirishi mumkin bo‘lgan ko‘chmas mulklarni balansga olmaslik to‘g‘risida qaror qabul qildi.
Shuningdek, ko‘chmas mulklar bilan bog‘liq qarzdorlikni undirish ishlarini to‘xtatish haqida ham qaror chiqarildi.
Ushbu qarorlar orqali bank o‘zining moliyaviy barqarorligini saqlab qolishni, aktivlar sifatini yaxshilashni va xatarlarni kamaytirishni maqsad qilgani ma’lum bo‘ldi.
Aynan shu kunning o‘zida bank 500 mlrd so‘mlik korporativ obligatsiyalarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazdi. Obligatsiyalar yopiq tarzda, ya’ni tanlangan investorlar o‘rtasida taqsimlanishi ma’lum qilindi.
Keyinchalik esa bu obligatsiyalar Fonte Capital kompaniyasiga sotilgani ayon bo‘ldi.
Ma’lumot uchun, AVO Bank 2024-yilda 93,4 mlrd so‘m zarar ko‘rgandi. 2025-yilning birinchi choragini esa qariyb 5 mlrd so‘m zarar bilan yakunlagandi.
