tanga.uz o'tgam hafta davomida O'zbekistonning iqtisodiyot va biznes sohasida sodir bo'lgan muhim yangiliklar bilan bo'lishadi.
Ipoteka subsidiyalari uchun arizalar qabuli boshlanadi
2025 yil 10-iyul soat 09:00 dan boshlab ipoteka kreditlari bo‘yicha subsidiya olish uchun arizalar qabul qilinadi. Arizani Davlat xizmatlari markaziga murojaat qilish orqali yoki elektron tarzda — my.gov.uz portali orqali topshirish mumkin. Bunda arizada ko‘rsatilgan shaxslarning birgalikdagi daromadi Toshkent shahrida 3,1 mln so‘mdan 10,6 mln so‘mgacha bo‘lishi kerak. Boshqa hududlarda esa 3,1 mln so‘mdan 9,2 mln so‘mgacha bo‘lishi lozim.
Anorbank egasi Parijda o‘g‘irlab ketildi
"Anorbank" bankining egasi Qahramon Olimov 23-iyun kuni Parijda o‘g‘irlab ketilgan.
U ikki kun davomida Nissadagi villada saqlanib, do‘pposlangan va o‘lim bilan qo‘rqitilgan. Nihoyat, tovon puli to‘langach, Olimov ozod qilingan.
U Parijga ish uchrashuvlari va ko‘chmas mulk xaridi uchun borgan edi. Fransiya huquq-tartibot idoralari bu holatni "josuslik romani ssenariysi"ga qiyoslashmoqda.
3 mln dollar kredit olib berishni va'da qilgan firibgarlar ushlandi
Toshkent shahrida tadbirkor ayol Qibraylik fuqaroga bankdan 3 million dollar miqdorida maqsadsiz kredit olib berishni va’da qilgan. Evaziga esa million dollar talab qilgan.
Jinoyatchi 150 ming dollar olayotgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlandi.
Ushbu sxemaning bosh tashkilotchisi urganchlik shaxs ham qo‘lga olindi. U o‘zini bank xodimi sifatida tanishtirib, kredit mablag‘ini ajratib berishni va’da qilgan.
Hozirda mazkur shaxslarga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, ularga nisbatan qamoq ehtiyot chorasi qo‘llanilgan.
Kredit stavkalari endi ochiq e’lon qilinadi
Markaziy bank 2025-yil 2-iyuldan boshlab banklar tomonidan aholiga taklif etilayotgan kredit turlari bo‘yicha o‘rtacha foiz stavkalarini muntazam e’lon qilib borishini ma’lum qildi.
Regulyator bu orqali fuqarolar turli bank takliflarini oson taqqoslab, o‘zlari uchun eng maqbul variantni tanlash imkoniyatiga ega bo‘lishini ta’kidlamoqda.
Shuningdek, kredit bozoridagi shaffoflik oshishi hamda ma’lumotlardagi noaniqliklar kamayishi kutilmoqda.
Ushbu ma’lumotlar Kredit axboroti davlat reyestri bazasi asosida tayyorlanadi va sinov tariqasida joriy etiladi.
Iyun oyida iste’mol tovarlari narxlari o‘rtacha 0,2 foizga pasaydi
Milliy statistika qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, 2025 yilning iyun oyida iste’mol sektoridagi tovarlar va xizmatlar narxlari o‘rtacha 0,2 foizga arzonlashgan.
Oy davomida meva va yong'oqlar 3,3 foizga, Savzavot, ildizmeva va dukkakli mahsulotlarda esa 10,2 foizga tushish kuzatildi.
Hisob-kitoblar uchun 10 mingdan ortiq nuqtalarda 170 mingga yaqin narxlar inobatga olingan va 420 turdagi mahsulotlar, 90 turdagi xizmatlar kuzatilgan. Bu pasayishni mutaxassislar mavsumiy xarakterga ega ekanligini aytishmoqda.
Markaziy bank kredit tashkilotlarini qat’iy ogohlantirdi
O'zbekiston Markaziy banki ijtimoiy nafaqa pullarini kredit qarzi uchun ruxsatsiz yechib olinishini tanqid ostiga oldi.
Regulyator bu holat yuzasidan banklar va boshqa kredit tashkilotlariga ogohlantirish xati yuborgan.
Xatda bunday amaliyot insoniylikka zid harakat sifatida baholanishi ta’kidlangan. Kredit tashkilotlariga shikoyat kelib tushganda yechib olingan mablag‘larni fuqarolarga qaytarib berish zarurligi eslatilgan.
Yandeks Go ekotizimida o‘zini-o‘zi band qilganlar daromadi
2024-yil yakunida Yandex Go orqali o‘zini-o‘zi band qilgan haydovchi, kuryer va hamkor avtoparklarining umumiy daromadi 530 mln dollarni tashkil qildi.
2025-yilda bu summa sezilarli darajada oshishi kutilmoqda, chunki yilning birinchi yarmidayoq 340 mln dollarlik daromad qayd etilgan.
Bu haqda Yandex Uzbekistan’ning davlat organlari bilan aloqalar bo‘yicha direktori Sardor Qodirov o‘zining Telegram-kanalida ma’lum qildi. Bu ko‘rsatkich Yandex Go xizmatining agregator komissiyasi hisobidan tozalangan holda, asosan taksi, dostavka, yeda va lavka xizmatlaridan olingan..
Agar Yandex Go hozirgi o‘sish sur’atini saqlab qolsa, 2026-yil yakunida ijrochilarning umumiy daromadi 1 mlrd dollardan oshishi mumkin. Bu ko‘rsatkich O‘zbekistonda ayrim sohalarning butun aylanmasiga teng bo‘ladi.
Ko‘chmas mulk savdosini naqdsiz shaklga o‘tkazish rejalashtirilmoqda
O‘zbekistonda uy-joy oldi-sotdisini amalga oshirishda naqd puldan voz kechish rejalashtirilmoqda. Bu haqda Soliq qo‘mitasi raisining birinchi o‘rinbosari Mubin Mirzayev Senatning sakkizinchi yalpi majlisida ma’lum qildi.
Uning aytishicha, bu chora yashirin iqtisodiyotga qarshi kurashish maqsadida joriy qilinmoqda. Uy-joy oldi-sotdisi bo‘yicha barcha to‘lovlar faqat banklar orqali, naqdsiz shaklda amalga oshirilishi nazarda tutilmoqda.