2025-yilning yanvar-iyun oylarida O‘zbekistonda tijorat banklari tomonidan 31 ming 589 nafar fuqaroga jami 9,4 trln so‘m miqdorida ipoteka kreditlari ajratildi.
Manba: Markaziy bank
Bunda ipotekaning o‘rtacha qiymati 298,7 mln so‘mni tashkil etdi. 2024-yilning mos davrida bu ko‘rsatkich 262,7 mln so‘mga teng bo‘lgandi.
Taqqoslash uchun, 2024-yilning dastlabki 6 oyida 6,9 trln so‘m ipoteka krediti ajratilgandi. Bu uning 1 yil ichida 2,5 trln so‘mga yoki 37,1 foizga o‘sganini ko‘rsatadi.
Yarim yillikda berilgan ipotekalarning moliyalashtirish manbalari quyidagicha bo‘lgan:
- Iqtisodiyot va moliya vazirligi — 6 trillion 389,3 milliard so‘m (68%)
- Bank o‘z mablag‘idan — 2 trillion 252,9 milliard so‘m (24%)
- O‘zbekiston ipotekani qayta moliyalashtirish kompaniyasi — 794,3 milliard so‘m (8%)
Ajratilgan ipoteka kreditlarining qariyb 7 trln so‘mi birlamchi bozordagi uylar uchun, 2,5 trln so‘mi esa ikkilamchi bozordagi uylar uchun ajratildi.
Hududlar kesimida eng yuqori ulush Toshkent shahriga to‘g‘ri keldi. Bunda uning ulushi 3 trln so‘mni tashkil etdi.
Keyingi o‘rinda esa 747,2 mlrd so‘m bilan Andijon viloyati qayd etildi.
Ajratilgan ipoteka kreditlari qoldig‘ining dinamikasi esa so‘nggi 5 yil ichida 2,6 barobarga o‘sdi.
Ma’lumot uchun, yanvar-aprel oylarida ipoteka kreditlari bo‘yicha 552 mlrd so‘m subsidiya ajratilgan.
Ipoteka kreditlarining banklar kesimidagi ulushi
Manba: Iqtisodiyot va moliya vazirligi
Iqtisodiyot va moliya vazirligining ma’lumotiga ko‘ra, davlat dasturi doirasida eng ko‘p ipoteka kreditlarini Ipoteka-bank tomonidan ajratilgan.
Bu bank xususiy bank hisoblanadi. Undan keyingi o‘rinda bir trln so‘mdan ortiq ipoteka bergan banklar esa davlat banklari bo‘lgan.