2025-yil 1-avgustdan boshlab chiqindilar uchun qarzdor bo‘lgan abonentlarning elektr energiyasidan foydalanish imkoniyati vaqtincha cheklanadi.
Yangi tartibga ko‘ra, har oyning 3-sanasiga qadar qarzdor abonentlar haqidagi ma’lumotlar "Toza makon" elektron tizimi orqali "Hududiy elektr tarmoqlari" AJga yuboriladi.
5-sanagacha esa 2100 raqami orqali abonentlarga SMS orqali ogohlantirish jo‘natiladi.
Shundan so‘ng, abonentlarga qarzdorlikni uzish uchun 5 kunlik muddat beriladi.
Agar bu vaqt ichida chiqindi to‘lovi amalga oshirilmasa, abonentlarning elektr energiyasidan foydalanish imkoniyati vaqtincha cheklanadi.
Qarz to‘langach esa, cheklov avtomatik ravishda bekor qilinadi.
Ta’kidlanishicha, ushbu cheklov tartibi 2025-yil 30-iyunga qadar yig‘ilgan qarzlarga nisbatan qo‘llanilmaydi.
Faqat 1-iyuldan keyingi qarzdorliklar asosida 1-avgustdan boshlab tatbiq etiladi.
Bunda sanitar tozalash korxonalari xizmatlarning sifatli ko‘rsatilishi uchun mas’ul hisoblanadi.
Agar xizmatlar o‘z vaqtida va to‘liq ko‘rsatilmasa, to‘lovlar qayta hisoblanadi.
Abonentlar xizmatlar bo‘yicha shikoyat va takliflarini 1205 qisqa raqami orqali 24/7 rejimida bildirishi mumkin.
Eslatib o‘tamiz, mazkur qonun 2024-yilning 24-dekabrida Qonunchilik palatasi tomonidan qabul qilingandi.
2025-yilning 21-fevral sanasida esa Senat tomonidan ma’qullangan edi.