2025-yilning birinchi yarmida O‘zbekistonda qimmatli qog‘ozlar savdosining umumiy hajmi 12,02 trln so‘mni tashkil etdi.
Bu 2024-yilning mos davriga nisbatan 11,3 trln so‘mga yoki 17 barobarga ko‘proqdir.
Mazkur mablag‘ning 5,8 trln so‘mi yoki 48,26 foizi birja kotirovkalash varag‘iga kiritilgan qimmatli qog‘ozlar bilan tuzilgan bitimlarga to‘g‘ri keladi.
Qolgan savdo hajmi esa uyushgan birjadan tashqari bozorda tuzilgan bitimlar hisobiga shakllangan.
Savdolarning umumiy hajmi oshgan bo‘lsa-da, tuzilgan bitimlar soni kamaygan.
Jami 214 ming 851 ta bitim tuzilgan bo‘lib, bu o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 59 ming 515 taga kamroq hisoblanadi.
Shundan qimmatli qog‘ozlar bilan 181 ming 905 ta bitim, uyushgan listingdan tashqari bozorda esa 32 ming 946 ta bitim tuzilgan.
Yarim yillik davomida o‘rtacha kunlik savdolar hajmi 97,7 mlrd so‘mni, o‘rtacha kunlik bitimlar soni esa 1 ming 747 tani tashkil etgan.
Aksiya bozori
Aksiyalar bozoridagi savdolar hajmi 5,31 trln so‘mni tashkil etib, o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 4,92 trln so‘mga yoki 14 barobarga oshgan.

Manba: Toshkent fond birjasi
Savdolarning asosiy hajmi, ya’ni 5,1 trln so‘mi, pulsiz hisob-kitoblar platformasi (Free of Payment Board, FoP) hissasiga to‘g‘ri keldi.

Manba: Toshkent fond birjasi
Aksiyalarning bozor kapitallashuvi esa 354,23 mlrd so‘mga ko‘payib, 242,77 trln so‘mga yetdi.
Obligatsiyalar bozori
Hisobot davrida korporativ obligatsiyalar bozoridagi savdolar hajmi 493,10 mlrd so‘mni tashkil etib, 2024-yilning birinchi yarmiga nisbatan 433,46 mlrd so‘mga yoki 8 barobardan ziyodga oshdi.

Manba: Toshkent fond birjasi
Obligatsiyalar bozorida savdolarning o‘rtacha kunlik hajmi 4,01 mlrd so‘mni, o‘rtacha kunlik bitimlar soni esa 34 tani tashkil etdi.
Birja kotirovkalash varag‘iga kiritilgan obligatsiyalarning bozor qiymati esa 1,46 trln so‘mga teng bo‘ldi.
Listingdan tashqari savdo maydonchasi
2025-yilning yanvar-iyun oylarida birjaning listingdan tashqari savdo maydonchаsida 32 ming 946 ta bitim tuzildi.
Bu o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 17,33 foizga ko‘proqdir.
Savdolar hajmi esa 6,22 trln so‘mni tashkil etib, o‘tgan yilning mos davridagi ko‘rsatkichga nisbatan 23 barobarga ortdi.
