Yarim yilda 172 mingdan ko‘proq mahalliy avtomobil sotilgan

18.07.2025 05:04
2025-yilning birinchi yarmida O‘zbekistonda ishlab chiqarilgan avtomobillarning 172 ming 258 tasi sotilgan. Eng ko‘p Chevrolet brendi sotilgan bo‘lib, u bozorning 82,5 foizini egalladi.
Yarim yilda 172 mingdan ko‘proq mahalliy avtomobil sotilgan

Foto: www.gov.kz

2025-yilning birinchi yarmida O‘zbekistonda avtomobil ishlab chiqarish va yig‘ish bilan shug‘ullanuvchi yettita kompaniya tomonidan ishlab chiqarilgan 172 ming 258 ta avtomobil sotilgan

Ushbu sotilgan avtomobillar oylar kesimida quyidagicha bo‘lgan:

  • Yanvar — 22 147 dona (−19,2%)
  • Fevral — 28 226 dona (+27,5%)
  • Mart — 24 980 dona (−11,5%)
  • Aprel — 31 488 dona (+26%)
  • May — 29 081 dona (−7,6%)
  • Iyun — 36 336 dona (+25%)

Iyun oyida mahalliy avtomobillar sotuvi sezilarli darajada o‘sgan. Bu o‘sish may oyiga nisbatan 25 foizga ko‘p bo‘lgan. 

Shuningdek, fevral hamda aprel oylarida ham sotuvlar o‘rtacha 26 foizga oshgan. 

Makroiqtisodiy va hududiy tadqiqotlar instituti mutaxassislarining tahliliga ko‘ra, iyun oyida ikkilamchi bozordagi avtomobil narxlari ko‘tarilgan. Ungacha esa narxlar pasayib kelayotgandi. 

2025-yilning birinchi yarmida eng ko‘p avtomobilni UzAuto Motors sotgan. Bu orqali kompaniya umumiy bozorning 54,6 foizini egallagan. 

Manba: UzAuto

Undan keyingi o‘rinni esa Khorezm Auto zavodi band qilgan. Bunda uning bozordagi ulushi 27,8 foizga teng bo‘lgan. 

Ma’lumot uchun, Khorezm Auto zavodi UzAuto Motors kompaniyasining filiali hisoblanadi. 

Eng ko‘p sotilgan brend esa Chevrolet brendiga tegishli bo‘lib, u bozorning 82,5 foizini egallagan. Undan keyingi o‘rinda 6,6 foiz ulush bilan KIA brendi joylashgan.

Modellar bo‘yicha

Joriy yilning boshidan buyon eng ko‘p sotilgan modellar mos ravishda Cobalt, Damas, Tracker, Labo hamda Onix bo‘lib qolmoqda. 

Masalan, Cobalt’ning o‘zi yarim yilda 67 ming 580 ta sotilgan bo‘lib, jami sotilgan avtomobillarning 40 foizini tashkil etmoqda. 

Chevrolet brendining ushbu beshligidan keyin eng ko‘p sotilgan avtomobillar KIA Sonet hamda BYD Chempion bo‘lgan. 

Manba: UzAuto

Mazkur avtomobillarga ham talab oshmoqda, biroq bozorda UzAuto Motors avtomobillari yirik ulushga egaligicha qolmoqda. 

Xususan, Cobalt va Damas’ning sotuvlar soni boshqa barcha avtomobil sotuvlaridan ham ko'proq bo'lgan.

Damas’ga raqobatchi bo‘lishi kutilayotgan Wuling N111 avtomobili esa bor-yo‘g‘i 105 dona sotilgan.

#cobalt#avtomobillar#mahalliy#sotuvlar

Eng ko'p o'qilgan