Markaziy bank 3-fevral holatiga ko'ra oltin quymalarining narxlarini ma'lum qildi. Unga ko'ra, 1 gramm oltin narxi 1 mln 197 ming so'mga teng bo'ldi. Bu rekord ko'rsatkich hisoblanadi.
Yil boshida 1 gr oltin narxi 1 mln 132 ming so'mni tashkil qilgandi. Bundan ko'rinadiki, oltinning 1 grammining narxi yanvar oyida 5,8 foizga yoki 65 ming so'mga qimmatlagan.
Shuningdek, 17-yanvardan boshlab 100 grammlik oltin quymalari sotuvga chiqarildi. Mazkur quymalar narxi sotuvga chiqarilgan buyon 3 mln so'mdan ko'proqqa yoki 2,7 foizga qimmatladi.
3-fevraldan Markaziy bank tomonidan chiqarilgan oltin quymalari quyidagicha narxlarda sotiladi:
- 5 gr oltin quyma narxi 5 mln 989 ming so'm;
- 10 gr oltin quyma narxi 11 mln 978 ming so'm;
- 20 gr oltin quyma narxi 23 mln 955 ming so‘m;
- 50 gr oltin quyma narxi 59 mln 888 ming so‘m;
- 100 gr oltin quyma narxi 119 mln 776 ming so'm.
Quymalar narxi va ularning oldi-sotdisi bilan shug'ullanuvchi shoxobchalar ro'yxati bilan ushbu havola orqali tanishish mumkin.
Oltin narxlarining o'zgarishi
Dunyo bozorlarida oltin narxlari 2024-yilda o'zining tarixiy rekordini o'rnatdi. Shu sababli O'zbekistonda ham oltin quymalar eng yaxshi investitsiya vositalaridan biri bo'ldi.
Xususan, 2024-yil davomida O'zbekistonda oltin narxlari 32 foizga o'sdi. Mamlakatda eng maqbul omonat foiz stavkasi 27% bo'lgan.
Avvalroq, Goldman Sachs tahlilchilari 2025-yilda oltinning 1 troya unsiyasi narxi 3 ming dollarga chiqishini prognoz qilgandi. Keyinchalik esa ular bu prognozni qaytarib olishdi va 3 ming dollarlik ko'rsatkichga 2026-yil oxirida erishish mumkinligini qayd etdilar.