Markaziy bank 2025-yilning birinchi yarmida jismoniy shaxslarning valyuta operatsiyalari bo‘yicha sharhini e’lon qildi.
Unga ko‘ra, O‘zbekistonga xorijdan kelib tushgan pul o‘tkazmalari hajmi 8,2 mlrd dollarni tashkil etgan.
Bu o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 1,8 mlrd dollarga yoki 27 foizga ko‘proqdir.
Ushbu mablag‘ning 6,4 mlrd dollari yoki 78 foizi Rossiyaga hissasiga to‘g‘ri kelmoqda.
Qolgan qismi esa Qozog‘iston, AQSh, Janubiy Koreya, Turkiya hamda boshqa mamlakatlar hissasiga to‘g‘ri keldi.
Ushbu davr mobaynida Yevropa tarkibiga kiruvchi mamlakatlardan pul o‘tkazmalar hajmi ham sezilarli darajada oshgan.
Xususan, Buyuk Britaniya 2 barobarga, Irlandiya 2,8 barobar, Litva 79 foiz, Niderlandiya 44 foiz, Polsha esa 20 foizga o‘sgan. Shuningdek, AQShda bu ko‘rsatkich 15 foizga oshgan.
Yarim yil davomida jismoniy shaxslarga kelib tushgan pul mablag‘larining 4,3 mlrd dollari yoki 53 foizi an’anaviy pul o‘tkazma tizimlari orqali amalga oshirilgan. Bu o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 22 foizga ko‘paygan.
Mablag‘ning 3,6 mlrd dollari esa to‘g‘ridan-to‘g‘ri jismoniy shaxslarning bank kartalariga o‘tkazilgan.
SWIFT orqali o‘tkazmalar esa 22 foizga kamayib, 251 mln dollarga teng bo‘lgan.
Ushbu davr mobaynida O‘zbekistondan chet elga yuborilgan o‘tkazmalar miqdori esa 1,2 mlrd dollarni tashkil etgan.
Valyuta ayirboshlash operatsiyalari
2025-yilning birinchi yarmida banklar hamda jismoniy shaxslar o‘rtasidagi xorijiy valyuta oldi-sotdi operatsiyalari aylanmasining umumiy hajmi 14,5 mlrd dollarni tashkil etdi.
Bu o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 2,8 mlrd dollarga yoki 24 foizga ko‘proqdir.
Bunda banklar jismoniy shaxslardan 9,1 mlrd dollar miqdorida valyuta xarid qilgan. Bu ko‘rsatkich o‘tgan yilga nisbatan 27 foizga oshgan.
Banklar tomonidan jismoniy shaxslarga sotilgan valyutalar miqdori esa 18 foizga o‘sib, 5,4 mlrd dollarni tashkil etgan.
Ushbu davrda jami ayirboshlangan valyutalarning 58 foizi yoki 8,4 mlrd dollari valyuta ayirboshlash shoxobchalari orqali, 5,9 mlrd dollari onlayn tarzda, atigi 252 mln dollari esa bankomatlar orqali amalga oshirilgan.
Bunda shoxobchalar orqali ayirboshlash 16 foizga, onlayn ayirboshlash 36 foizga o‘sgan.
Shunday qilib, banklarning jismoniy shaxslardan sotib olgan valyutasi ularga sotilganidan ko‘ra 3,7 mlrd dollarga ko‘proq bo‘lgan.