Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi O‘zbekistonda ko‘chmas mulk bozori bo‘yicha tahlil o‘tkazdi.
Unga ko‘ra, 2025-yilning birinchi yarmida uy-joy sotuvlari o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 10,6 foizga ko‘payib, 136,5 ming xonadonni tashkil etdi.
Iyun oyining o‘zida esa 21 mingta ko‘chmas mulk oldi-sotdi bitimlari ro‘yxatdan o‘tkazildi. Bu ko‘rsatkich o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 3,7 foiz yuqori hisoblanadi.
Respublika bo‘yicha ikkilamchi bozordagi uy-joylarning o‘rtacha narxi may oyiga nisbatan 0,3 foizga, so‘nggi bir yil ichida esa 1,8 foizga oshgan.
Talab va taklif yuqori bo‘lgan Toshkent shahrida ijara narxlarining barqarorligi kuzatildi. Unga ko‘ra, iyun oyida o‘rtacha ijara narxi may oyidagi 8,1 dollar darajasida o‘zgarishsiz qoldi.
Hududlarda ikkilamchi bozordagi uy-joy narxlari
Hududlar orasida ikkilamchi bozordagi uy-joy narxlari bo‘yicha eng yuqori ko‘rsatkich Toshkent shahrida qayd etildi.
Biroq shunday bo‘lsa-da, hududdagi narxlar iyun oyida 0,1 foizga, yil davomida esa 4,8 foizga arzonlagan.

Manba: Review.uz
Uy-joy narxlari yuqori bo‘lgan Toshkent hamda Navoiy viloyatlarida ham yillik o‘rtacha narx 0,1 foizga kamaygan.
Shuningdek, Namangan, Jizzax, Farg‘ona hamda Qashqadaryo viloyatlarida narxlar may oyiga nisbatan pasaygan.
Iyun oyida Sirdaryo viloyatidagi uy-joy narxlari may oyiga nisbatan 3,2 foizga qimmatladi. Bu hududlar ichidagi eng yuqori ko‘rsatkich hisoblanadi.
Bir yil ichida eng yuqori o‘sish esa Jizzax, Surxondaryo hamda Qoraqalpog‘iston Respublikasida qayd etildi.
Ma’lumot uchun, 2025-yilning yanvar-may oylarida O‘zbekistonda ko‘chmas mulk bilan bog‘liq xizmatlar hajmi 9,8 trln so‘mni tashkil etdi.
Ushbu xizmatlarning 94,6 foizi ijara xizmatlari bilan bog‘liq hisoblanadi. Bunda ko‘chmas mulkni sotish va sotib olish ulushi esa atigi 2,7 foizga teng bo‘lgan.
Toshkent shahrida o‘rtacha ijara narxlari

Manba: Review.uz
Eslatib o‘tamiz, 2025-yilning yanvar-mart oylarida poytaxtdagi 1, 2 va 3 xonali uylarning o‘rtacha ijara narxlari o‘tgan yilning mos davriga nisbatan sezilarli darajada arzonlagandi.
