O'zbekistonda II chorak davomida kreditlar qimmatladi, depozit stavkalari esa arzonladi

22.07.2025 13:31
O'zbekchaРусский
1-apreldan boshlab O'zbekiston banklari omonat stavkalarini pasaytira boshlagandi. Markaziy bank ma'lumotlariga ko'ra, ikkinchi chorakda aholining muddatli depozitlari foiz stavkalari 0,2 foizga arzonlagan. Kredit stavkalari esa 0,8 foizga qimmatlagan.
O'zbekistonda II chorak davomida kreditlar qimmatladi, depozit stavkalari esa arzonladi

Foto: blogorom.ru

Markaziy bank milliy va xorijiy valyutadagi kreditlar va depozitlarning o'rtacha tortilgan stavkalarini e'lon qildi.

1-apreldan boshlab O'zbekiston banklari omonat stavkalarini pasaytira boshladi. TBC Bank, ANORBANK, O‘zmilliybank, Agrobank, Asakabank, Ipoteka bank hamda Mikrokreditbank tomonidan omonat stavkalari pasaytirilgani borasida o‘z sayti va ijtimoiy tarmoqlarida ma’lum qildi.

15-iyul sanasida Markaziy bank tomonidan e'lon qilingan ma'lumotlarga ko'ra, jismoniy shaxslarning so'mdagi depozitlarining o'rtacha tortilgan foiz stavkasi aprel oyida 21,6 foizgacha pasaygan. Iyun oyida esa bu ko'rsatkich 21,4 foizga teng bo'lgan. Uch oy davomida depozit stavkalari 0,2 foizga pasaygan.

Bozor qoidalari sharoitida depozit stavkalari pasayishi kredit stavkalarida ham o'z aksini ko'rsatishi kerak. Ya'ni, depozitlari arzonlashi bilan kredit foizlari ham bunga o'z munosabatini ko'rsatishi kerak.

Biroq, O'zbekistonda aprel oyida boshlab aholiga ajratilayotgan kredit foiz stavkalari martga nisbatan 1 foizga arzonlagan bo'lsa-da, may oyidan stavkalar qimmatlashni boshlagan. Jumladan, iyun oyida kreditlarning o'rtacha tortilgan foiz stavkalari 23,7 foizga teng bo'lgan. Bu aprel oyiga nisbatan 0,8 foizga qimmatlaganini ko'rsatadi. Depozit stavkalari esa 0,2 foizga arzonlaganini yuqorida ta'kidlab o'tdik.

Omonat stavkalari pasayishni boshlagan aprel oyida Bankers.uz nashrining O‘zbekistonning ayrim tijorat banklaridagi manbalari ham omonat stavkalarining tushishi Markaziy bank tomonidan tijorat banklariga berilgan “ko‘rsatma” ekanini ta'kidlagan.

Iyul oyidagi o'zgarishlar

Markaziy bank 2-iyul sanasidan boshlab aholiga kredit turlari boʻyicha banklarning oʻrtacha foiz stavkalari muntazam eʼlon qilib borishni yo'lga qo'ydi.

2-iyul kuni e'lon qilingan infografikada jismoniy shaxslarga ajratilayotgan kreditlar o'rtacha foiz stavkasi 23,7 foiz ekani qayd etilgan.

22-iyul sanasida e'lon qilingan ma'lumotlarda bu ko'rsatkich 23,2 foiz ekani ko'rsatilgan. Bundan ko'rinadiki, so'nggi oy davomida aholiga ajratilayotgan kreditlar foiz stavkasi 0,5 foizga arzonlagan. Bu holat bozor qoidalari ishlayotganiga ishora qiladi.

Biroq, aholi orasida omonat bo'yicha taklifi bilan qiziqish uyg'otgan TBC Bank 29-iyuldan boshlab omonatlarning maksimal foiz stavkasi 23 foizdan 22 foizgacha tushirilishini ma’lum qildi. Birdaniga 1 foizga pasayish. Hozircha boshqa banklar depozit stavkalari pasayishi bo'yicha axborot e'lon qilmadi.

"Banklar va bank faoliyati to‘g‘risida"gi qonunning 8-moddasida banklarning mustaqilligi belgilab berilgan. Banklar moliyaviy operatsiyalarni amalga oshirish bilan bog‘liq qarorlar qabul qilishda mustaqildir. Davlat organlari va ularning mansabdor shaxslariga banklar faoliyatiga ... aralashishi taqiqlanadi. ("Banklar va bank faoliyati to‘g‘risida"gi Qonun, O‘RQ-580, 8-modda)
#kreditlar#depozit#omonat#markaziy bank#banklar

Xabarni ulashish:

Eng ko'p o'qilganlar