Click fintex kompaniyasining 49 foiz ulushi 176,4 mln dollarga sotildi. Xaridor Qozog‘istonning Halyk Banki hisoblanadi.
O‘z navbatida, Click ushbu bankning O‘zbekistondagi sho‘ba korxonasi bo‘lmish Tenge Bank’ning 49 foiz ulushini 60,76 mln dollarga sotib oldi.
Bu esa Tenge Bank’ning umumiy qiymati 124 mln dollarga baholanganini ko‘rsatmoqda.
Amaldagi tartibga ko‘ra, ikkala bitimning amalga oshirilishi uchun Qozog‘iston va O‘zbekistondagi tartibga soluvchi organlar tomonidan tasdiqlanishi kerak.
London fond birjasining sahifasida e’lon qilingan maqolaga ko‘ra, ushbu hamkorlik orqali Halyk va Click O‘zbekistonning raqamli ekotizimida va uning tez rivojlanayotgan moliyaviy hamda fintex xizmatlari bozorida o‘z mavqelarini mustahkamlashga intilmoqda.
Shuningdek, bitimning tuzilishi tomonlarning amaldagi huquqiy tuzilmalarini saqlab qolgan holda yaqin hamkorlikda ishlashlari uchun imkoniyat yaratishi ta’kidlangan.
Halyk Bank haqida
Halyk Banki Qozog‘istonning eng yirik banklaridan biri hisoblanadi. Timur Qulibayev va Dinara Qulibayevalar esa bankning asosiy aksiyadorlari sanaladi.
Dinara Kulibayeva hamda Timur Kulibayev
Forbes.kz reytingiga ko‘ra, ularning umumiy boyligi 5,3 mlrd dollarni tashkil etib, Qozog‘istonning eng boy tadbirkorlari orasida to‘rtinchi o‘rinda turadi.
Bank 37,5 mlrd dollardan ortiq aktivlarga ega bo'lib, uning xizmatlari chakana savdo, kichik va o‘rta biznes hamda korporativ bank, sug‘urta, lizing, brokerlik, aktivlarni boshqarish va turmush tarzi xizmatlarini o‘z ichiga olgan kuchli raqamli ekotizimga egadir. Bozor kapitallashuvi esa 6,8 mlrd dollarni tashkil etadi.
1-iyul holatiga ko‘ra, Halyk Bank’ning O‘zbekistondagi sho‘ba banki Tenge Bank uchun kiritgan umumiy sarmoyalar hajmi 1,5 mlrd dollarni tashkil etmoqda.
Ma’lumot uchun, Halyk Qozog‘istondagi ochiq listing kompaniyasi bo‘lib, bugungi kunda bank aksiyalarining 28,3 foizi xalqaro institutsional investorlar, jumladan, AQSH, Buyuk Britaniya, Yevropa va Osiyoning yetakchi fondlariga tegishli hisoblanadi.
Click fintex kompaniyasi haqida
Click kompaniyasi o‘z faoliyatini 2011-yilda boshlagan. Kompaniya O‘zbekiston fintex bozoriga birinchi bo‘lib, telefon orqali to‘lov qilish imkoniyatini yaratgan holda kirib kelgan.
Click kompaniyasining asoschilari. Foto: tanga.uz
Startap 4 yil o‘tib foydaga kirishni boshlaydi. Bu vaqt ichida kompaniyaga 2 mln dollar sarmoya kiritilgan. Bu mablag‘ning 1,5 mln dollari mijozlarni jalb qilishga sarflangan.
Hozirda uning foydalanuvchilari soni 20 mlndan ko‘proqni tashkil etadi. Shuningdek, Click hamyonlaridan foydalanuvchilar soni 10 mlnga yetadi.
Shuningdek, Click’ning biznes hamkorlari orasida o‘z mahsulotlarini katta sarmoyalarsiz keng auditoriyaga taklif qila oladigan 70 ming sotuvchi bor.
Ushbu strategiya kompaniyaga 2024-yilda daromad o‘sishini 35,3 foizga, sof foydani esa 37,5 foizga oshirishga hissa qo‘shgan.
Eslatib o‘tamiz, Click 2024-yilda qariyb 25 mln dollar sof foyda olgandi. Agar kompaniyaning batafsil tarixi qiziqtirsa, bu haqida ham maqola yozganmiz.