2026-yildan avtomobil sug‘urta polislarining narxi oshmoqda

24.07.2025 08:46
2026-yilning 1-yanvar sanasidan boshlab avtomobil sug‘urta polis narxlari oshmoqda. Shuningdek, transport vositalari egalarining fuqarolik javobgarligini majburiy sug‘urta qilish bo‘yicha sug‘urta summasi 80 mln so‘mgacha oshirilishi belgilandi.
2026-yildan avtomobil sug‘urta polislarining narxi oshmoqda

Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 23-iyuldagi 458-sonli qaroriga asosan: Transport vositalari egalarining fuqarolik javobgarligini majburiy sug‘urta qilish uchun tariflar yangilandi.

Unga ko‘ra, 2026-yilning 1-yanvaridan haydovchilar soni cheklangan polis narxlari quyidagicha bo‘ladi:

Toshkent shahri va Toshkent viloyati uchun:

  • Yengil avtomobil – 192 ming so‘m
  • Yuk avtomobili – 336 ming so‘m

Boshqa hududlar uchun:

  • Yengil avtomobil – 160 ming so‘m
  • Yuk avtomobili – 280 ming so‘m

Xorijdan kirib kelayotgan transport vositalari uchun:

  • Yengil avtomobil – 320 ming so‘m
  • Yuk avtomobili – 560 ming so‘m

Cheklanmagan polis sotib olish uchun mazkur narxlar ikki barobar to‘lanishi lozim.

Shuningdek, qaror bilan transport vositalari egalarining fuqarolik javobgarligini majburiy sug‘urtasiga tegishli o‘zgartirishlar kiritildi.

Unga ko‘ra, 2026-yil 1-yanvardan boshlab transport vositalari egalarining fuqarolik javobgarligini majburiy sug‘urta qilish bo‘yicha sug‘urta summasi 80 mln so‘mgacha oshirilishi belgilandi. Amalda bu mablag‘ 40 mln so‘mni tashkil etmoqda. 

Shuningdek, haydovchilar soniga qarab cheklangan va cheklanmagan polislarni rasmiylashtirish mexanizmi belgilandi. 

Bunda aybdor deb topilgan sug‘urta qildiruvchining sug‘urtalovchisi tomonidan sug‘urta da’volari va boshqa nizolarni ko‘rib chiqish tartibi aniqlashtirildi.

Qarorga ko‘ra, sug‘urta to‘lovlarini kafolatlash jamg‘armasiga transport vositalari egalarining fuqarolik javobgarligini majburiy sug‘urtasi bilan bog‘liq masalalar yuzasidan huquqiy maslahat hamda YTH to‘g‘risidagi xabarnoma bilan bog‘liq adjasterlik xizmatini ko‘rsatish funksiyasi qo‘shildi. 

Manfaatdor davlat organlari bilan majburiy sug‘urta bo‘yicha elektron ma’lumot almashinuvini yo‘lga qo‘yish belgilandi. 

2026-yil 1-apreldan esa Yagona sug‘urta billing tizimi joriy etilib, bu polislarni rasmiylashtirishda sug‘urta mukofotlari tushumlarining markazlashtirilgan hisobini yuritishni ta’minlashi ta’kidlandi. 

Shuningdek, qarorda fuqarolik javobgarligini majburiy sug‘urta qilmagan shaxslarni ma’muriy javobgarlikka tortish mexanizmlarini takomillashtirishni nazarda tutuvchi qonun loyihasini Vazirlar Mahkamasiga kiritish vazifasi topshirish belgilangan.

#Avtosug'urta#sug'urtalar#polis

Eng ko'p o'qilgan