Click’ni qozoq banki sotib olmoqda
Qozog‘istonning eng yirik banki — Halyk Bank Click kompaniyasining 49 foiz ulushini 176,4 million dollarga sotib olayotganini ma’lum qildi. Bu haqda 23-iyul kuni London fond birjasi saytida e’lon qilindi.
O‘z navbatida, Click ushbu bankning O‘zbekistondagi sho‘basi bo‘lgan Tenge Bankning 49 foiz ulushini 60,76 million dollarga sotib oladi. Biroq Click va Tenge Bank alohida tashkilotlar sifatida faoliyat yuritadi.
Bu Markaziy Osiyoda yaqinda kuzatilgan eng yirik bitimlardan biri bo‘ldi. Amaldagi tartibga ko‘ra, bitimlarning amalga oshirilishi uchun ikkala davlatning ham tartibga soluvchi organlari tomonidan tasdiqlanishi lozim.
Paynet kriptovalyuta savdosini yo‘lga qo‘yadi
Click’ning raqobatchisi Paynet ham qarab turgani yo‘q. 24-iyul kuni kompaniya o‘zining 20 yilligini nishonladi va yangi xizmatlari taqdimotini o‘tkazdi. Taqdimotda Paynet orqali kriptovalyuta sotish va servislar uchun to‘lov qilish xizmati yo‘lga qo‘yilishi ma’lum qilindi.
Endilikda ilova orqali kriptovalyutani sotish va sotib olish mumkin bo‘ladi. Mablag‘larni esa UZCARD va HUMO kartalariga yechib olish imkoniyati yaratiladi.
Shuningdek, Paynet hamkorlarining mahsulot va xizmatlariga kriptovalyuta orqali to‘lov qilish imkoni ham yaratiladi. Kelgusida esa chekka qishloqlardagi Paynet punktlari orqali naqd pul evaziga kriptovalyuta sotib olish imkoniyati ham paydo bo‘ladi.
Avtomobil sug‘urtasi qimmatlashadi
Vazirlar Mahkamasining qaroriga binoan, 2026-yil 1-yanvardan boshlab sug‘urta polis narxlari oshiriladi. Yengil avtomobillarni sug‘urta qilish Toshkentda 192 ming so‘m, hududlarda esa 160 ming so‘m etib belgilanmoqda. Bu esa avtomobilni haydovchilar soni cheklangan sug‘urta turi uchun amal qiladi.
Cheklanmagan haydovchilar uchun sug‘urta narxlari 2 barobar qimmatroq bo‘ladi. Sug‘urta polislari narxi oshishi bilan, avariya yoki baxtsiz hodisa yuz berganda qoplab beriladigan summa ham oshirilmoqda.
Hozirda bu miqdor majburiy avtosug‘urta — xalq tilida OSAGO sug‘urtasida — 40 mln so‘mga teng. Baxtsiz hodisa yuz berganda, bu summaning faqat 14 mln so‘mi avtomobilga yetgan shikastlarni qoplash uchun beriladi. 2026-yildan aynan shu miqdor 80 mln so‘mgacha oshirilmoqda.
O‘zbekistonda ilk mikromoliya banki ochiladi
TAYYAB FINANCE MIKROMOLIYA TASHKILOTI birinchi bo‘lib mikromoliya bankiga transformatsiya bo‘lish uchun Markaziy bankdan dastlabki ruxsatnomani oldi. Ma’lumotlarga ko‘ra, mikromoliya bankining ta’sischisi va boshqaruv tarkibi yirik banklarda ishlagan, keyinchalik esa raqamli banklarda tajriba orttirgan bankirlardan iborat bo‘ladi. Yangi bank ham raqamli bank sifatida faoliyat ko‘rsatadi.
2025-yilning fevral oyida qabul qilingan qonun bilan O‘zbekistonda mikromoliya banklarini tashkil etishga ruxsat berilgan edi. Bu turdagi banklar klassik banklardan farq qiladi. Masalan, mikromoliya bankining ustav kapitali 50 mlrd so‘mdan kam bo‘lmasligi kerak. Klassik banklar uchun esa bu talab 500 mlrd so‘mni tashkil qiladi. Bundan tashqari, ko‘rsatiladigan bank xizmatlari miqyosi ham mikromoliya banklarida cheklangan bo‘ladi.
Sea Breeze Uzbekistan loyihasi jamoatchilik muhokamasiga qo‘yiladi
So‘nggi haftalarda Ozarbayjonning Agalarav Development kompaniyasi tomonidan Chorvoq suv ombori hududida qurilishi rejalashtirilayotgan loyiha ijtimoiy tarmoqlarda turli muhokamalarga sabab bo‘lmoqda.
Ekologiya vaziri Aziz Abduhakimovning aytishicha, developer tomonidan hozircha vazirlikka loyiha bo‘yicha rasmiy hujjatlar kelib tushmagan.
“Ular hujjatlarni keltirgach, biz albatta loyihani jamoatchilik muhokamasiga qo‘yamiz — hamma ko‘rsin. Uni qandaydir yashirincha, kechasi qo‘l qo‘yib chiqarib yuboradigan davr, menimcha, endi yo‘q respublikamizda”, — deydi Abduhakimov.
O‘tgan hafta ekobloger Mo‘tabar Xushvaqtova (Urikguli) “Mening fikrim” platformasida Sea Breeze Uzbekistan loyihasiga qarshi petitsiya joylashtirdi. U deputatlardan ekologik ekspertiza va jamoatchilik eshituvi yakunlangunga qadar loyihani to‘xtatib turishni so‘radi.
AI-80 benzini ishlab chiqarilishi to‘xtatiladi
Ekologiya mavzusidan uncha uzoqlashmaymiz. O‘zbekneftgaz 2025-yil sentabr oyidan boshlab AI-80 markali benzinni ishlab chiqarishni to‘xtatadi. Bu haqda ijtimoiy tarmoqlarda xabarlar tarqaldi. “O‘zbekneftgaz” matbuot xizmati ushbu ma’lumotni tanga.uz nashriga tasdiqlagan.
Kompaniya 2025-yil oxirigacha yuqori oktanli AI-92 markali avtomobil benzinini ishlab chiqarish hajmini oshirishni rejalashtirmoqda. AI-80 benzinining ishlab chiqarilishi to‘liq sentabr oyida to‘xtatiladi.
Shuningdek, sentabrgacha AI-80 avtobenzini ishlab chiqariladi, undan keyin esa faqat AI-92 va undan yuqori (AI-92+) oktanli avtobenzin ishlab chiqarish ko‘zda tutilgan. Natijada, joriy yilning o‘zidayoq O‘zbekneftgaz omborlaridagi AI-80 benzin zaxiralari tugatiladi. 2026-yildan boshlab esa faqat yuqori oktanli benzin — AI-92 va AI-95 markalari sotuvga chiqariladi.
Bugungi kunda dunyoda AI-80 benzini ishlab chiqaradigan davlatlar sanoqli bo‘lib qolgan. Bunga asosiy sabab — AI-80 benzinining yonish jarayonida ko‘proq zararli gazlar ajralib chiqishi. Shu bois ko‘plab davlatlarda bu turdagi benzin ishlab chiqarilishi yoki ishlatilishi cheklangan, ba'zilarida esa butunlay to‘xtatilgan.
O‘zbekiston yangi savdo muzokarasini yakunladi
O‘zbekiston Jahon savdo tashkilotiga a’zo bo‘lish yo‘lida Shveysariya hukumati bilan muzokaralarni muvaffaqiyatli yakunladi. Bu haqda O‘zbekiston Prezidentining Jahon savdo tashkiloti masalalari bo‘yicha maxsus vakili Azizbek O‘runov ma’lum qildi. Uning aytishicha, endi marraga erishish uchun bir nechta mamlakat qolgan, xolos.
Shunday qilib, Shveysariya bilan muzokaralar tugashi natijasida, O‘zbekiston jami 25 ta davlat bilan savdo muzokaralarini yakunlagan bo‘ldi.
