AloqaBank Kuzatuv kengashiga Ishonch do‘konlar tarmog‘iga aloqador shaxslar saylandi

01.08.2025 17:36
O'zbekchaРусский
AloqaBank Kuzatuv kengashi tarkibiga Ishonch do‘konlar tarmog‘iga aloqador shaxslar kiritildi. Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan ma’lumotlarga ko‘ra, Akrom Xaydarov bankka murojaat qilib, Kuzatuv kengashi tarkibiga o‘z odamlarini kiritishni so‘ragan.
AloqaBank Kuzatuv kengashiga Ishonch do‘konlar tarmog‘iga aloqador shaxslar saylandi

Foto: AloqaBank

Ishonch do‘konlar tarmog‘iga aloqador ikki nafar shaxs AloqaBank Kuzatuv kengashi a’zosi etib saylandi. Bu haqda bankning korporativ axborotida ma’lum qilindi

Ma’lum bo‘lishicha, 31-iyul kuni AloqaBank aksiyadorlarining navbatdan tashqari yig‘ilishi bo‘lib o‘tgan. Yig‘ilishda bankning ustaviga o‘zgartirish kiritish va boshqa masalalar ko‘rib chiqilgan. 

Yakunda "Ishonch kredit savdo" MChJ Bosh direktori Qaxxarov Farrux Raxmonovich hamda uning o‘rinbosari Mamadaliyev Muxsinjon Abdurasulovich uch yil muddatga AloqaBank Kuzatuv kengashi a’zolari etib saylandi. 

Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan ma’lumotlarga ko‘ra, Xaydarov Akrom Adxamovich bankka murojaat qilib, kuzatuv kengashi tarkibiga o‘z odamlarini kiritishni so‘ragan. 

Eslatib o‘tamiz, 2024-yilning dekabrida AloqaBank ustav kapitalini oshirish maqsadida 500 mlrd so‘mlik aksiyalar chiqargandi

Ma'lumotlarga ko'ra, Akrom Xaydarov o‘sha aksiyalarning bir qismini sotib olish orqali bankning 14 foiz ulushiga egalik qilishni boshlagan. 

Ma’lumot uchun, Akrom Xaydarov Ishonch do‘konlar tarmog‘ining asoschilaridan biri hisoblanadi. 

Bankers.uz nashrining surishtiruvlariga ko‘ra, Akrom Xaydarov "Ishonch Kredit Savdo" MCHJning 2020-yilgi ustavida kompaniyaning 94,8 foiz ulushiga egalik qilishi qayd etilgan. 

Biroq, hozirda u kompaniya ta’sischilari orasida yo‘q. Ayni paytda ushbu kompaniyaning 49 foiziga Farrux Raxmonovich Qaxxorov, 26 foiziga esa Muxsinjon Mamadaliyev egalik qilmoqda

A.Xaydarov "Hamroh Mikromoliya Tashkiloti" MCHJning ta’sischilari - Xaydarovlar oilasiga aloqador bo‘lishi mumkin

Ma’lumot uchun, Axror Adxamjonovich Xaydarov "Fortuna Biznes" hamda "Vodiy taraqqiyot" mikromoliya tashkilotlarining asosiy aksiyadori hisoblanadi. 

Yana bir muhim xabar - 2025-yilning boshida O‘zbektelekom kompaniyasi AloqaBank’ning affillangan shaxslar ro‘yxatidan chiqarib tashlangan edi. 

O‘shanda bu holat bankning 500 mlrd so‘mlik aksiyalari sotilishi bilan bog‘liq bo‘lishi taxmin qilingandi

Biroq, bankning hozirgi Kuzatuv kengashi tarkibida "O‘zbektelekom" AJ Boshqaruvi Raisi Xasanov Nazirjon Nabijonovich ham ko‘rsatilgan.

#Akrom_Haydarov#aloqabank#Kuzatuv_kengashi#Ishonch

Xabarni ulashish:

Eng ko'p o'qilganlar