Davlat aktivlarini boshqarish agentligi Avto Climate Control kompaniyasini sotish bo‘yicha kelishuvga erishdi.
2024-yil avgust oyida kompaniyaning 100 foiz davlat ulushi savdoga qo‘yilgan edi.
Uni sotib olish uchun to‘rtta investor o‘z taklifini taqdim etdi. Yakunda “Best Pipe and Parts” kompaniyasi 230 mlrd so‘mlik taklif bilan g‘olib deb topildi.
Davaktiv agentligining ta’kidlashicha, taklif qilingan narx lotning baholangan qiymatidan oshib ketgan.
Bitim doirasida xaridor aktivning asosiy faoliyat yo‘nalishini kamida 10 yil davomida saqlab qolish majburiyatini oladi.
Shuningdek, General Motors tomonidan tasdiqlangan yetkazib beruvchi bilan tuzilgan texnik qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha litsenziya shartnomalariga qat’iy amal qilishi lozim.
Xaridor haqida
“Best Pipe and Parts” AJ 1996-yilda “Uz-Dongwon Co” nomi bilan tashkil etilgan.
Kompaniya avtomobillar uchun butlovchi qismlar va aksessuarlar ishlab chiqarishga ixtisoslashgan.
Uning ustav kapitali 297 mln so‘mni tashkil etadi. Kompaniyaning aksiyadorlari quyidagilar:
- UzAuto Korea – 42,3%
- UzAutoComponents – 24,44%
- Dongwon Metal (Janubiy Koreya) – 24%
- Salima Toshqo‘ziyeva – 9,26%
Ma’lumot uchun, 2025-yil fevral oyida “Best Pipe and Parts” AJ “Avtokomponent” kompaniyasining 98,8 foiz ulushini 105 mlrd so‘mga sotib olgandi.
Lot haqida
“Avto Climate Control” MChJ 2010-yilda “O‘zavtosanoat” va Janubiy Koreyaning ERAE CS Ltd kompaniyasi hamkorligida qo‘shma korxona sifatida tashkil etilgan.
Kompaniya avtomobillar uchun isitish va sovitish tizimlarini ishlab chiqarishga ixtisoslashgan.
Korxona va tashkilotlar to‘g‘risidagi ma’lumotlarga ko‘ra, kompaniyaning ustav kapitali 7 mln dollarni tashkil etadi.
