Uzum Market’ning Yandex reklamasi ustidan da’vosi asosli deb topildi

06.08.2025 06:05
Raqobat qo‘mitasi Uzum Market da’vosi bo‘yicha Yandex Market reklama roligini o‘rganib chiqib, bu holatni noto‘g‘ri taqqoslash sifatida baholadi. Yandex kompaniyasiga mazkur reklama roligini bir oy ichida olib tashlash majburiyati yuklandi.
Uzum Market’ning Yandex reklamasi ustidan da’vosi asosli deb topildi

Foto: Market Yandex Go

2025-yilning iyun oyida Uzum Market raqobatchisi Yandex kompaniyasi ustidan Raqobat qo‘mitasiga da’vo kiritgandi. 

Unda kompaniya raqobatchining televizion va ijtimoiy tarmoqlarda namoyish etilgan Yandex Market reklamasi orqali o‘zining ishchanlik obro‘yiga putur yetkazilganini ma’lum qilib, chora ko‘rishni so‘ragan.

Raqobat qo‘mitasi huzuridagi Maxsus komissiya reklama mazmunini tahlil qilib, quyidagilarni aniqladi:

  • Reklamadagi aktrisaning binafsha rangli kiyimi va dastlabki kadrlar Uzum Market’ning avvalgi roliklariga vizual va g‘oyaviy jihatdan o‘xshash;
  • Reklama davomida bosh qahramon uzum shingili ko‘tarib: "A, bu marketmi?!" deb so‘raydi va atrofdagilar salbiy munosabat bildiradi;
  • Shundan so‘ng, aktrisaning "Yo‘q, bu boshqa market" degan javobi orqali "Yandex Market"ning afzalligi ko‘rsatilgan.

Qo'mita ushbu unsurlar orqali tomoshabinlarda Uzum Market haqida salbiy taassurot uyg‘otish va Yandex Market'ni ustun qo‘yish maqsad qilingani aniqladi. 

Bu holat qo‘mita tomonidan noto‘g‘ri taqqoslash sifatida baholanib, rolikni bir oy ichida ommaviy axborot vositalaridan olib tashlash va bu haqidagi hujjatlarni 2025-yil 14-avgustgacha Raqobat qo‘mitasiga taqdim etish bo‘yicha ko‘rsatma berildi.

Uzum Market tomonidan ushbu reklama natijasida moddiy zarar yetkazilganini isbotlovchi asosli hujjatlar taqdim etilmagani sababli, Maxsus komissiya vaziyatni iqtisodiy jihatdan past ta’sirli deb topdi va moliyaviy jarima qo‘llamadi.

#Uzum_Market#Yandex_Market#Raqobat_qo'mitasi

Xabarni ulashish:

Eng ko'p o'qilganlar