O‘zbekiston Iqtisodiyot va moliya vazirligi 2025-yilning birinchi yarmi uchun davlat budjeti daromadlari va xarajatlarining ijrosi to‘g‘risidagi ma’lumotlarni e’lon qildi.
Unga ko‘ra, 2025-yilning yanvar-iyun oylarida budjet daromadlari 19,2 foizga o‘sib, 144,2 trln so‘mni tashkil etdi.
Bunda bilvosita soliqlar ulushi 11,3 trln so‘mga oshib, 51,3 trln so‘mga yetdi. O‘tgan yilning mos davrida bevosita soliqlar bilvosita soliqlardan ko‘proq edi.
Soliq turlariga ko‘ra, davlat budjetini eng ko‘p daromadli qiluvchi QQS hamda foyda solig‘i bo‘lsa, eng kami aylanmadan olinadigan soliq bo‘ldi.
Budjet xarajatlari
Joriy yarim yillikda budjet daromadlari 144,2 trln so‘m bo‘lsa, xarajatlar 173,3 trln so‘mni tashkil etdi.
Bunda xarajatlar o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 15,6 foizga oshib, daromadlardan 29,1 trln so‘mga ko‘p bo‘ldi.
Xarajatlarning 62 trln so‘mi yoki 35,8 foizi davlat xodimlarining ish haqiga yo‘naltirildi.
Qo‘shimcha yana 15 trln so‘m ularning ijtimoiy soliqlarini qoplashga sarflandi.
Ijtimoiy xarajatlar tarkibi
Joriy davlat xarajatlarining deyarli yarmi yoki 86,2 trln so‘mi ijtimoiy sohaga yo‘naltirildi.
Ijtimoiy xarajatlarning yarmi ta’lim sohasiga, 19,4 trln so‘mi esa sog‘liqni saqlash sohasiga to‘g‘ri keldi.
Ijtimoiy xarajatlarda nafaqa va moddiy yordam bilan bog‘liq xarajatlar ham yuqori bo‘ldi.
Xususan, olti oy davomida ularning qiymati 23,4 foizga kamayib, 6,5 trln so‘mni tashkil etdi.
Davlat qarzlarini qoplash xarajatlari ham o‘sishda davom etib, 8,7 trln so‘mga yetdi.
Ta’lim sohasidagi xarajatlarda umumta’lim sohasiga ajratilgan mablag‘lar 29,8 trln so‘m bo‘lsa, maktabgacha ta’limda 7,7 trln so‘mni tashkil etdi.
Umumta’lim sohasi uchun belgilangan dasturlarda eng yuqori xarajat darsliklarni yangilashga yo‘naltirildi.
Bunda uning miqdori so‘nggi bir yilda ikki barobarga oshib, 784,8 mlrd so‘mga yetdi. Maktabgacha ta’limda oziq-ovqat xarajatlari esa 1 trln so‘mdan oshdi.
Sog‘liqni saqlash sohasida eng yuqori xarajat ish haqi va unga tenglashtirilgan to‘lovlarga ketdi.
Bunda ularning qiymati o‘tgan yilning mos davriga nisbatan qariyb ikki barobarga oshib, 9,3 trln so‘mga yetdi.
Soha tarkibidagi boshqa xarajatlarda ham deyarli uch barobar o‘sish kuzatildi.
Budjet mablag‘larini taqsimlovchilar
Infografikada ko‘rinib turganidek, eng ko‘p mablag‘ Iqtisodiyot va moliya vazirligi, undan keyin Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligiga yo‘naltirildi.
Ijtimoiy milliy agentligi, Suv xo‘jaligi vazirligi hamda Transport vazirligi uchun yo‘naltirilgan mablag‘lar ham yuqori bo‘ldi.
Shuningdek, Oliy ta’lim va innovatsiyalar vazirligi uchun yo‘naltirilgan mablag‘lar ham yuqori bo‘lib, 2,5 trln so‘mni tashkil etdi.
Subsidiyalar
Joriy davrda davlat budjeti xarajatlarida subsidiyalar uchun ajratilgan mablag‘lar ham yuqori bo‘ldi.
Subsidiyalar tarkibida eng yuqori ulush hamon energetika sohasidagi narx tafovutini qoplashga ketmoqda.
Xususan, 2025-yilning birinchi yarmida ajratilgan subsidiyalarning 7 trln so‘mi tabiiy gaz narxidagi tafovutni qoplash uchun, 1,6 trln so‘mi esa issiqlik ta’minoti korxonalarining zararlarini qoplash xarajatlariga sarflandi.
Jamoat transportida ko‘rilgan zararni qoplash uchun esa 1,12 trln so‘m subsidiya berildi.
Nodavlat maktabgacha ta’lim muassasalari uchun ham subsidiyalar 1,8 trln so‘mga yetdi.
Geologiya va qidiruv ishlari uchun ajratilayotgan subsidiyalar miqdori esa kamayib, joriy davrda 364 mlrd so‘mni tashkil etdi.
Transfertlar
2025-yilning dastlabki olti oyida hududlar budjetiga yo‘naltirilgan transfertlarda eng yuqori ulush Namangan hamda Farg‘ona viloyatlariga to‘g‘ri keldi.
Transfert bu — davlat budjetidan aholiga yoki tashkilotlarga tovar yoki xizmat evazisiz beriladigan bepul pul mablag‘i hisoblanadi. Bunga pensiya, nafaqa, subsidiyalar va boshqalar kiradi.
Eng kam transfertlar esa Toshkent shahri, Toshkent viloyati va Navoiy viloyatlariga to‘g‘ri keldi.
Hududlarning daromadlari va xarajatlari
Joriy yarim yillikda hududlarning birortasining daromadlari xarajatlaridan ko‘p bo‘lmadi.
Daromadiga nisbatan eng yuqori xarajat esa Sirdaryo viloyatida kuzatildi. Toshkent hamda Navoiy viloyatlarining xarajatlari daromadlariga yaqinroq bo‘ldi.
Mahalliy budjet xarajatlarida hududlar infratuzilmasini rivojlantirish uchun ketgan xarajatlar so‘nggi bir yilda ikki barobardan ko‘proqqa oshib, 6,7 trln so‘mni tashkil etdi.
Maqsadli jamg‘armalar
2025-yilning yanvar-iyun oylarida davlat maqsadli jamg‘armalarining xarajatlari daromadlaridan deyarli ikki barobar ko‘p bo‘ldi.
Xarajatlarning yarmidan ko‘pi esa pensiya jamg‘armasi hissasiga to‘g‘ri keldi.
Davlat tibbiy sug‘urta jamg‘armasining daromadi 0,4 mlrd so‘mga teng bo‘lsa, xarajatlari 10,25 trln so‘mni tashkil etdi.
Avtomobil yo‘llarini rivojlantirish maqsadli jamg‘armasining daromadi 7,9 mlrd so‘m bo‘lsa, xarajatlari 33,5 trln so‘mga yetdi.
Konsolidatsiyalashgan budjet ijrosi
Konsolidatsiyalashgan budjet ijrosi — bu davlat budjeti tizimidagi barcha darajadagi budjetlarning tushum va xarajatlarini yagona tarzda umumlashtirib ko‘rsatish va ularning bajarilishini tahlil qilish hisoblanadi.