8-avgust kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida oliygoh bitiruvchilarining bandligini ta’minlash masalalari bo‘yicha videoselektor yig‘ilishi o‘tkazildi.
Unda yoshlar bandligini ta’minlash uchun banklarga 300 mln dollar resurs ajratilgani ma’lum qilindi.
Bitiruvchilar katta kredit olib, qaytara olmasligidan xavotirda ekani bois, imtiyozli kreditning bir qismini bitiruvchini ishga olgan korxonalarga berish taklifi ma’qullandi.
Unga ko'ra, endilikda ishga olingan bitiruvchilar soniga qarab tadbirkorlarga 5 mlrd so‘mgacha 18 foizlik kredit beriladi.
Bunda 1 mlrd so‘m kredit olgan korxona kamida 1 nafar, 5 mlrd olgani esa 5 nafar bitiruvchini ish bilan ta’minlaydi.
Agar korxona 2 yil ichida bitiruvchini bo‘shatsa, kredit foizi tijorat stavkasiga o‘zgaradi. Tizim oliygohni bitirganiga 3 yil bo‘lmagan bitiruvchilar uchun amal qiladi.
Shuningdek, bandlikni oshirish uchun tadbirkorlar reytingiga alohida ko‘rsatkich kiritilib, korxonalar bo‘sh ish o‘rinlari haqida mutaxassislik bo‘yicha ma’lumot kiritishi belgilandi.
Unga ko‘ra, oliy ta’lim muassasalari platformaga ulanib, karyera markazlari bitiruvchilarni ish beruvchilar bilan bog‘laydi.
Bitiruvchilarni ishga olgan tadbirkorlarga qo‘shimcha ball beriladi, bitiruvchilarining yarmidan ko‘pini ishga joylashtirgan karyera markazlariga esa 500 mln so‘m mukofot ajratilishi belgilandi.
Eslatib o‘tamiz, yig‘ilishda ma’lum qilingan ushbu yangiliklar Prezident nutqida bayon etilgan bo‘lib, ular amalda bosqichma-bosqich joriy etiladi.
