O‘zbekiston yuqori daromad darajasiga 100 yildan keyin erishishi prognoz qilindi

12.08.2025 07:59
Jahon banki O‘zbekistonning so‘nggi 10 yillik iqtisodiy o‘sishini tahlil qilib, uning Markaziy Osiyo mintaqasida yuqori daromad darajasiga eng oxirgi bo‘lib yetishishini va bunga erishish uchun 100 yil talab etilishini prognoz qildi.
O‘zbekiston yuqori daromad darajasiga 100 yildan keyin erishishi prognoz qilindi

Foto: World bank

Jahon banki 2024-yildagi Yevropa va Markaziy Osiyo mintaqasidagi iqtisodiy o‘sish haqida qisqacha sharhini e’lon qildi

Unda mintaqadagi mamlakatlarning yuqori daromad darajasiga, ya’ni 14 ming dollardan yuqori darajaga qancha yilda yetishi taxmin qilingan. 

Taxminlarga ko‘ra, Markaziy Osiyo mintaqasida Qozog‘iston hamda Turkmaniston birinchi bo‘lib yuqori daromad darajasiga yetsa, keyinchalik Qirg‘iziston taxminan 70 yilda bu darajaga yetishi mumkin. 

O‘zbekiston va Tojikiston esa eng oxirgi bo‘lib ushbu chegaraga yetishi va bunga 100 yildan ortiq vaqt ketishi bashorat qilingan. 

Ma'lumot uchun, Jahon banki bu yerda so‘nggi 10 yildagi o‘rtacha o‘sish bo‘yicha hisob-kitoblarni amalga oshirgan. 

Iqtisodchi Mirkomil Xolboyev Jahon bankining prognoziga o‘z munosabatini bildirib, ularning hisob-kitoblarida pandemiya davri ham hisobga olinganini ta’kidladi va pandemiyadan keyingi davr uchun o‘z taxminlarini yozdi.

Uning taxminlariga ko'ra, aholi jon boshiga daromadlar Qozog‘istonda 2026-yilning o‘zidayoq 14 ming dollarlik chegaradan o‘tadi. Shuningdek, Turkmaniston 2034-yilda, Tojikiston 2037-yilda, O‘zbekiston esa 2042-yilda yuqori daromad darajasiga yetadi.

Xolboyevning yozishicha, O‘zbekiston so‘nggi to‘rt yildagi o‘sish sur’atlariga qaramay, Markaziy Osiyo mamlakatlari orasida yuqori daromad darajasiga eng so‘nggi bo‘lib erishadi.

#Jahon_banki#Mirkomil_Xolboyev

Xabarni ulashish:

Eng ko'p o'qilganlar