13-avgust kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida to‘qimachilik sohasida eksport imkoniyatlari va mavjud zaxiralarni ishga solish masalalari bo‘yicha videoselektor yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.
Yig‘ilishda soha kompaniyalarining kredit qarzdorligini garovga qo‘yish sharti bilan besh yilgacha uzaytirish tartibi joriy etilishi belgilandi.
Endilikda garov taqdim etgan klasterlar faqat asosiy qarzni to‘laydigan bo‘ldi. Qishloq xo‘jaligi jamg‘armasi va banklarga hisoblanadigan foizlar esa qarz to‘liq qoplangach undirilishi qayd etildi.
Bu chora natijasida klasterlarda yiliga 800 mlrd so‘mga yaqin aylanma mablag‘ qolishi ma’lum qilindi.
Asosiy qarz va foizlarni o‘z vaqtida to‘lagan tadbirkorlarga foizning jamg‘arma hissasidan yarmini qaytarish amaliyoti joriy etilishi ta’kidlandi.
Shuningdek, 2022–2023-yillar hosili uchun berilgan kreditlar bo‘yicha 1-avgust holatiga yuzaga kelgan 377 mlrd so‘mlik penya bekor qilinishi ma’lum qilindi.
Tijorat kreditlaridan 2,2 mlrd dollar majburiyati bo‘lgan 144 ta korxonani moliyaviy sog‘lomlashtirish chorasi ishlab chiqilishi belgilandi.
Faoliyati barqarorlashishi mumkin bo‘lgan korxonalarning kredit muddati yetti yilgacha uzaytirilishi qayd etildi.
Paxtani o‘z vaqtida terib olish uchun fermerlarga har tonnaga 1 mln so‘mdan subsidiya ajratilishi belgilandi.
Korxonalar o‘z mablag‘i hisobidan paxta yetishtirganda yoki xarid qilganda, xomashyo qiymatining 10 foizi qoplab berilishi ma’lum qilindi.
Endilikda to‘qimachilik zanjiridagi barcha korxonalarga ijtimoiy soliq stavkasi 1 foiz etib belgilanib, ijtimoiy reyestr talabi bekor qilinishi, realizatsiyada to‘qimachilik ulushi bo‘yicha talab esa 90 foizdan 70 foizga tushirilishi qayd etildi.
O‘z xodimlarining farzandlari uchun bog‘cha tashkil qilgan korxonalarga, xususiy bog‘chalardagi kabi, har bir tarbiyalanuvchi uchun subsidiya ajratilishi belgilandi.
Yig‘ilishda korxonalarning elektr ta’minoti masalasi ham ko‘rib chiqildi. Endi ular o‘rnatgan quyosh panellarini tarmoqqa ulashga ruxsat berilishi, bu maqsadlar uchun 200 mln dollar kredit ajratilishi va stavkaning 10 foizigacha bo‘lgan qismi qoplab berilishi ma’lum qilindi.
2028-yil 1-yanvargacha aralash mato va gazlama bojxona bojidan ozod etilishi belgilandi. Mamlakat ichida yil yakunigacha kamida 100 ming tonnalik aralash gazlama ishlab chiqarish loyihalari boshlanishi topshirildi.
Bir nechta bo‘yoq korxonasi birgalikda suv tozalash inshooti qurganda, xarajatlarining bir qismini Savdoni rivojlantirish kompaniyasi qoplab berishi belgilandi.
Eksport hajmi 5 mln dollardan oshgan, biroq asosan viloyat markazlarida joylashgan 55 ta yirik korxonaga sanoat rivojlanmagan hududlarda filial ochish uchun sharoit yaratilishi belgilandi.
Bu maqsadda besh yilgacha Markaziy bank stavkasida 10 mlrd so‘mgacha kredit ajratilishi, xorijlik mutaxassislarning ish haqi qoplab berilishi qayd etildi.
Shart sifatida 200 ta ish o‘rni yaratish va munosib ish haqi to‘lash talabi qo‘yildi. Yil yakunigacha 20 ta, kelgusi yilda yana 30 ta tuman va shaharda yangi tikuvchilik fabrikalari ishga tushirilishi belgilandi.
Korxonalarda ishlab chiqarish jarayonlariga sun’iy intellekt joriy qilinishi orqali daromadni 20–30 foizga oshirish, faoliyatni shaffoflashtirish va yashirin iqtisodiyot ulushini kamaytirish mumkinligi ta’kidlandi.
Bu yo‘nalishda ERP tizimini joriy etish dasturi ishlab chiqilishi belgilandi. Korxonalarni o‘qitish xarajatlarining bir qismi davlat tomonidan qoplab berilishi ma’lum qilindi.
Yig‘ilishda Yengil sanoatni rivojlantirish agentligi tashkil etilishi e’lon qilindi. Agentlik to‘qimachilik, charm va ipak sanoatiga mas’ul bo‘lib, qoshida tajribali tadbirkorlardan iborat kengash tuzilishi belgilandi.
Agentlik jamg‘armasiga 200 mln dollar ajratilishi, davlat ko‘magi va arzon aylanma mablag‘lar shu jamg‘arma orqali yetkazib berilishi qayd etildi.
