Yarim yilda umumiy ovqatlanish bozorining aylanmasi 721 mln dollarga yetdi

16.08.2025 10:12
2025-yilning birinchi yarmida umumiy ovqatlanish bozorining aylanmasi 9 trln so‘mdan oshdi. Ushbu davr mobaynida sohadagi korxonalar 810 mlrd so‘m soliq to‘ladi. Sohada eng ko‘p soliq fast-fud tarmoqlari tomonidan to‘langan.
Yarim yilda umumiy ovqatlanish bozorining aylanmasi 721 mln dollarga yetdi

Foto: tr.pinterest.com

2025-yilning birinchi yarmida umumiy ovqatlanish sohasidagi 20 ming 82 ta korxonaning aylanmasi 9 trln 45,6 mlrd so‘mni tashkil etdi. 

Bu ko‘rsatkich o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 2 trln 335 mlrd so‘mga yoki 35 foizga ko‘paydi. 

So‘nggi bir yil ichida sohadagi korxonalar soni esa 706 taga oshdi. 

2025-yilning dastlabki olti oyida mazkur korxonalar tomonidan to‘langan soliqlar 27 foizga o‘sib, 809,8 mlrd so‘mni tashkil etdi. 

Manba: Soliq qo'mitasi

To‘langan soliqlarning 20 foizi sohadagi TOP-20 soliq to‘lovchilarga to‘g‘ri kelmoqda. 

Sohadagi eng yirik soliq to‘lovchilar ro‘yxatida fast-fud restoranlar yetakchilik qilmoqda. 

Eng ko‘p to‘lovchi sifatida esa hamon KFC birinchi o‘rinda turibdi. 

Uning to‘lagan soliqlari Evos hamda Oqtepa Lavash tomonidan to‘langan soliqlarga teng bo‘ldi. 

O‘tgan yilning mos davrida Evos yetakchi, undan keyin KFC hamda Ketring joylashgan edi. 

Biroq joriy yilda KFC yetakchiga aylandi, Evos ikkinchi o‘ringa, Oqtepa Lavash esa uchinchi o‘ringa ko‘tarildi. Oqtepa Lavash o‘tgan yilning mos davrida 19-o‘rinda edi. 

Ma’lumot uchun, "Ketring" MChJ – "Uzbekistan Airways" AJning tarkibiy bo‘linmasi bo‘lib, aviakompaniya yo‘lovchilariga xizmat ko‘rsatadi. 

O‘tgan yilning mos davrida TOP soliq to‘lovchi restoranlar ro‘yxatida bo‘lmagan FeedUp joriy ro‘yxatning beshinchi o‘rnini egalladi. 

Shuningdek, MaxWay ham o‘tgan yili bu ro‘yxatda yo‘q edi. Biroq joriy ro‘yxatning o‘ninchi o‘rnida qayd etildi. 

Bellissimo Pizza esa o‘tgan yilgi ro‘yxatda ham, bir oy avvalgi ro‘yxatda ham yo‘q edi. Biroq, restoran joriy ro‘yxatning 15-o‘rnini egalladi. 

Fast-fud restoranlar ichida eng tez o‘sayotgani FeedUp bo‘ldi. Bunda FeedUp’ning iyun oyida to‘lagan soliqlari may oyiga nisbatan 34,4 foizga oshgan. 

Undan keyin esa Max Way bo‘lib, u 31,6 foizga o‘sdi. KFC, Evos hamda Oqtepa Lavash restoranlarining may oyiga nisbatan o‘rtacha o‘sishi esa 23 foizga teng bo‘ldi.

#umumiy_ovqatlanish#fast-fudlar

Xabarni ulashish:

Eng ko'p o'qilganlar