2024-yil O'zbekistonda ish izlovchilar soni 1,4 mln nafarni tashkil qilgan — HeadHunter.uz

05.02.2025 16:50
HeadHunter’ning O‘zbekistondagi platformasi 2024-yil yakunlari bo'yicha natijalar bilan bo‘lishdi. Platformaga yil davomida 130 mingdan ortiq vakansiya e'lonlari joylashtirilgan. Faol ish qidiruvchilar soni esa qariyb 1,4 mln nafarni tashkil qilgan. Eng ko'p oylik maosh (mediana 11,7 mln so'm) yuqori va o‘rta menejment vakillariga, eng kam maosh (4,2 mln so'm) esa uy va xizmat ko'rsatuvchi personallarga taklif qilingan.
2024-yil O'zbekistonda ish izlovchilar soni 1,4 mln nafarni tashkil qilgan — HeadHunter.uz

Foto: hh.uz

HeadHunter’ning O‘zbekistondagi platformasi 2024-yil yakunlari bilan bo‘lishdi. Unga ko‘ra, platformaga yil davomida 130 mingdan ortiq bo‘sh ish o‘rinlari bo‘yicha e’lonlar joylashtirilgan. Bu o‘tgan yilga nisbatan 28 foizga ko‘proqdir. 

Faol ish izlovchilar soni esa qariyb 1,4 mln nafarni tashkil qilgan. Bunda vakansiyalar soni faol ish izlovchilar sonining atiga 9,6 foizini tashkil qilgan.

2024-yil barcha sohalarda 2023-yilga nisbatan oz miqdorda bo‘lsa ham o‘sish kuzatilgan. Lekin talab va taklif o‘rtasida katta farq saqlanib qolmoqda. 

Ish beruvchilar bo‘yicha

2024-yilda savdo hamda mijozlarga xizmat ko‘rsatish sohasi vakansiyalar bo‘yicha peshqadamlik qilgan. Ushbu sohaga oid vakansiyalar soni yil davomida 34 foizga o‘sib, qariyb 23,8 mingtani tashkil qilgan. Bu platformadagi barcha vakansiyalarning 18,3 foizini tashkil qiladi.

2024-yilda tarmoqlar bo‘yicha faol vakansiyalarning tarmoqlar bo‘yicha ulushi. Foto: hh.uz

Undan keyingi o‘rinni marketing, reklama hamda PR sohasi band qilgan. Bu sohaga oid vakansiyalar soni yil davomida qariyb 18 mingdan oshgan. Yillik o‘sish 31 foizga teng bo‘lgan. Shuningdek, jami vakansiyalardagi ushbu sohaning ulushi 2023-yildagi 13,2 foizdan, 2024-yilda 13,8 foizgacha ko‘tarilgan.

Vakansiyalar soni bo‘yicha 2024-yilda eng katta o‘sish sug‘urta sohasida kuzatilgan. Mazkur sohada vakansiyalar soni 2023-yilga nisbatan 89 foizga o‘sgan. Lekin sug‘urta sohasi vakansiyalar soni bo‘yicha eng past ko‘rsatkichga ega. Platformaga yil davomida taxminan 150 ga yaqin vakansiya joylashtirilgan.

Eng past o‘sish ko‘rsatkichi esa, avtomobil biznesi sohasida kuzatilgan. Bunda, soha 2023-yilga nisbatan 2 foizga o‘sgan.

Ish izlovchilar bo‘yicha

2024-yilda hh.uz platformasida faol rezyumelar soni qariyb 1,4 milliontani tashkil qilgan. Bu 2023-yilga nisbatan 84 foizga ko‘proq hisoblanadi.

Ish izlovchilar deyarli barcha sohalarda sezilarli o‘sgani qayd etilgan.

Tarmoqlar bo‘yicha aktiv rezyumelar. Foto: hh.uz

Savdo va mijozlarga xizmat ko‘rsatish sohasi rezyumelar soni bo‘yicha ham peshqadamlik qilmoqda. Ushbu sohaga oid rezyumelar qariyb 160 mingtani tashkil qilgan. 

Marketing, reklama hamda PR sohalari qariyb 127 mingdan ziyod rezyume bilan ikkinchi o‘rinni band qilgan.

Tarmoqlar bo‘yicha taklif qilingan mediana oylik maosh miqdorlari

2024-yil O‘zbekistonda o‘rtacha oylik ish haqi 6,6 million so‘mni tashkil qilgan. Bu o‘tgan yilga nisbatan 17 foizga ko‘proqdir.

Platformada taklif qilingan oylik maosh miqdorlari tarmoqlar kesimida. Foto: hh.uz

Yuqori va o‘rta menejment sohasi tarmoqlar bo‘yicha taklif qilinayotgan oylik maoshlar ichida yetakchi bo‘ldi. Mazkur sohaning mediana oylik maoshi 11,7 mln so‘mni tashkil qilib, 2023-yilga nisbatan 2 foizga o‘sgan.

Eng kam oylik miqdori esa xizmat ko‘rsatuvchi personal sohasiga to‘g‘ri kelgan. Ushbu sohadagi mediana oylik miqdori 4,2 mln so‘mni tashkil qilgan.

2024-yilda sug‘urta sohasi aktiv vakansiyalar soni bo‘yicha 89 foizga o‘sgandi. Ammo, taklif qilinayotgan oylik miqdori 37 foizga kamaygan. 2023-yil mazkur sohada taklif qilingan oylik maosh 8 mln so‘m bo‘lgandi, 2024-yilda esa 5 mln so‘m bo‘lgan.

Strategiya, investitsiya va konsalting sohalarining rezyumelar soni 18,2 mingtani tashkil qilib, boshqa sohalar ichida 21-o‘rinni band qilgandi.

Ammo, ushbu sohalarga taklif qilinayotgan mediana oylik miqdori 10,4 mln so‘mni tashkil qilib, 2023-yilga nisbatan 18 foizga o‘sgan. Bu orqali yuqori maosh taklif qilgan sohalar ichida 2- o‘rinni egallagan.

Xavfsizlik sohasi esa 2023-yilga nisbatan 47 foizga o‘sib, mediana oylik miqdori 5,2 mln so‘mni tashkil qilgan. Bu bir yil ichida boshqa sohalarga nisbatan eng yuqori o‘sish hisoblanadi.

Yuqoridagi oylik maosh miqdorlari soliqlar bilan birgalikda hisoblanganini inobatga olish kerak. Masalan, kimdir 5 mln so‘m oylik olsa, statistik ma’lumotlarga ko‘ra bu 6 mln so‘m hisoblanadi.

Bitta bo'sh ish o'rni uchun raqobat

2024-yilda raqobat indeksi 13,9 ni tashkil etdi, ya’ni o‘rtacha bitta bo‘sh ish o‘rniga 14 kishi da’vogarlik qilmoqda. Yil davomida raqobat 44 foizga oshdi, bu esa mavjud bo‘sh ish o‘rinlariga nisbatan talabgorlar sonining ko‘payganligini ko‘rsatadi.

Iyun, iyul va dekabr oylari eng raqobatli oylardir. Bu mavsumiy omillar bilan bog‘liq bo‘lishi mumkin. Masalan, yozda ta’lim muassasalari bitiruvchilari ko'proq ish qidiradi. Fevral - eng kam raqobatli oy bo‘lib, bu ish beruvchilar yangi ish o‘rinlarini faol ravishda ochayotgan qishki bayramlardan keyin ish mavsumining boshlanishi bilan bog‘liq bo‘lishi mumkin ekani aytilgan.

Kasbiy sohalar kesimida 1 ta vakansiya uchun raqobat

  1. Xavfsizlik - 2024-yilda ushbu sohada raqobat 95 foizga o'sgan. Bir ish o'rni uchun 36,6 talabgor raqobat qilgan. Bu xavfsizlik sohasidagi kasblarga qiziqishning ortishi yoki bo‘sh ish o‘rinlari sonining kamayishi bilan bog‘liq bo‘lishi mumkin.
  2. Transport, logistika, tashish - mazkur sohada raqobat 78 foizga o'sgan va bir ish o'rni uchun 24,5 kishi raqobat qilmoqda. Bundan ko'rinadiki. bozor ish beruvchilar foydasiga sezilarli darajada siljigan.
  3. Avtomobil biznesi - raqobat darajasi 49 foizga o‘sib, 2024-yilda 8,6 ga yetdi, bu esa raqobatning yuqori darajasini ko‘rsatadi.
  4. Uy xo‘jaligi, xizmat ko‘rsatuvchi xodimlar va sug‘urta - raqobat mos ravishda 46% va 39% ga o‘sdi, indekslar 20 dan yuqori bo'lgan.
  5. Axborot texnologiyalari va moliya, buxgalteriya - mos ravishda 10,6 va 11,2.

Eslatib o'tamiz, avvalroq 2024-yilda O'zbekistonda korxona va tashkilot xodimlarining o'rtacha oyligi 5 mln 357 mingni tashkil etgani haqida xabar berilgandi.

#o'rtacha-oylik#hh.uz#headhunter#vakansiyalar

Eng ko'p o'qilgan