O‘zbekistonda dollar kursi nima sababdan arzonlamoqda?

27.08.2025 06:52
O'zbekchaРусский
26-avgust kuni uchun dollarning so‘mga nisbatan rasmiy kursi 12 305,80 so‘m etib belgilandi. Bu 2023-yilning 11-dekabridan beri kuzatilgan eng past ko‘rsatkichdir. Iqtisodchilar dollarning arzonlashishiga turli omillar sabab bo‘layotganini bildirdilar.
O‘zbekistonda dollar kursi nima sababdan arzonlamoqda?

Foto: Getty Images

2025-yilning 26-avgust kuni uchun dollarning so‘mga nisbatan rasmiy kursi 12 305,80 so‘m etib belgilandi

Bu 2023-yilning 11-dekabridan buyon kuzatilgan eng past ko‘rsatkichdir. 

Dollarning so‘mga nisbatan rasmiy kursi avgust boshidan beri 386,62 so‘mga, yil boshidan beri esa 599,11 so‘mga arzonladi. 

Shuningdek, o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 382,28 so‘mga arzonlagan. 

Dollar kursi aynan avgust oyida bir kunda 100 so‘m atrofida arzonlash va qimmatlash holatlari kuzatildi. 

Joriy yilda dollarning so‘mga nisbatan rasmiy kursi arzonlayotgan bo‘lsa-da, yil boshida kurs eng yuqori darajaga yetgandi. 

Bu 2025-yilning 14-fevralida qayd etilib, 13 003,95 so‘mni tashkil etgandi

Undan keyingi davrda esa dollarning so‘mga nisbatan rasmiy kursi arzonlamoqda.

Iqtisodchilar buni qanday izohlamoqda?

Iqtisodchi Mirkomil Xolboyev so‘mning dollarga nisbatan mustahkamlanishini aynan bir omilga bog‘liq emasligini ta’kidlamoqda. 

Uning fikricha, so‘mning dollarga nisbatan mustahkamlanishini faqat dollarning qadrsizlanishi bilan izohlash mumkin emas. 

U bu hodisani ikki davrga bo‘lib tahlil qiladi va har bir davr uchun turli sabablarni keltiradi

Xususan, yanvar-aprel oylaridagi kurs o‘zgarishlarini AQShdagi siyosiy o‘zgarishlar tufayli dollarning boshqa yirik valyutalarga nisbatan jiddiy qadrsizlanishi bilan izohlaydi. 

Jumladan, rublga nisbatan 20,3 foizga, yevro va frankka nisbatan 9 foizga qadrsizlangan. 

Natijada, so‘m dollarga nisbatan deyarli barqaror qolgan, ammo boshqa yirik valyutalarga nisbatan qadrsizlangan. 

May-avgust oylaridagi kurs o‘zgarishlariga esa ichki omillar ham sabab bo‘lganini ta’kidlamoqda. 

Bunda so‘m nafaqat dollarga nisbatan 5 foizga, balki barcha asosiy valyutalarga nisbatan ham, jumladan yevroga nisbatan 2 foizga sezilarli darajada mustahkamlangan. 

Iqtisodchi buni ichki iqtisodiy vaziyatning yaxshilanishi bilan izohladi. 

U shuningdek, so‘mning mustahkamlanishiga O‘zbekistonning oltin eksporti hajmining o‘sishi sabab bo‘lganini ta’kidladi. 

Bundan tashqari, aholining ta’lim xarajatlari ortgani bois, ular o‘zlaridagi xorijiy valyutani milliy valyutaga (so‘mga) almashtirishi ehtimoli bor. 

Bu qisqa muddatda valyuta taklifini oshirgan. Iqtisodchi global omillarni ham ta’kidlaydi, biroq ularning so‘nggi kunlardagi ta’siri kamayib borayotganini ma’lum qildi. 

Global miqyosda dollarning umumiy qadrsizlanishi so‘mga kechikkan ta’sir ko‘rsatgan bo‘lishi mumkin. 

Lekin so‘nggi kunlarda dollarning mustahkamlanishi boshlanganiga qaramay, so‘mning qadri oshishi ichki omillar ustunlik qilayotganini ko‘rsatmoqda. 

Shuningdek, iqtisodchi so‘mning kunlik tebranishi O‘zbekistonning Xalqaro Valyuta Jamg‘armasi tavsiyalariga amal qilishni boshlaganligi natijasi ekanligini ta’kidlamoqda. 

Mirkomil Xolboyev so‘mning tebranish oralig‘i kengayishi ortida "kimdir turibdi" yoki "pul ishlayapti" kabi shubhali sabablar emas, balki Markaziy bankning erkin bozor mexanizmlariga o‘tish strategiyasi yotishini ta’kidlagan

Iqtisodchi Yuliy Yusupov esa buni aynan Markaziy bank oshirib ko‘rsatayotganini ta’kidlab, dollar nafaqat so‘mga nisbatan, balki boshqa valyutalarga nisbatan ham pasayayotganini bildirdi. 

Yusupovning yozishicha, dollar tushishining asosiy sababi - Trampning oldindan aytib bo‘lmaydigan siyosatidir. 

Kap Depo direktori Farrux Xodjayev ham so‘nggi bir oy davomida dollar kursining arzonlaganiga o‘z fikrini bildirdi

Uning fikricha, bu jarayon fundamental burilishdan ko‘ra qisqa muddatli tuzatish bo‘lib, bunday tebranishlar rivojlanayotgan bozorlar uchun xosdir.

Farrux Xodjayev, shuningdek, hozirgi holatda xususiy investorlar uchun dollarning sotib olinishi uni sotishdan ko‘ra maqsadga muvofiqroq strategiya bo‘lishi mumkinligini qayd etdi.

#iqtisodchilar#dollar_kursi

Xabarni ulashish:

Eng ko'p o'qilganlar