Android qurilmalari uchun apk viruslarini tarqatish bilan shug‘ullangan jinoiy guruh qo‘lga olindi. Bu haqda Ichki ishlar vazirligi xabar berdi.
Ma’lum bo‘lishicha, ushbu jinoiy guruh apk kengaytmali viruslarini Telegram va boshqa usullar orqali fuqarolarga tarqatib, ularning SMS xabarnomalarini, qo‘ng‘iroqlarini hamda kontakt ma’lumotlarini o‘zlashtirishga erishgan.
Toshkent shahrida o‘tkazilgan tezkor tadbir davomida mazkur virusli dasturlar Telegram guruhlariga ulanganligi, bu guruhlarda 11 nafar turli davlat vakillari to‘planganligi aniqlangan.
Toshkent shahri hududida olib borilgan tezkor-qidiruv tadbirlari natijasida ushbu jinoiy guruhning besh nafar a’zosi qo‘lga olingan.
Ularning yashash manzillari va telefon qurilmalari tekshirilganda, 133 nafardan ortiq shaxsdan 3 mlrd so‘mga yaqin pul mablag‘larini o‘g‘irlik yo‘li bilan qo‘lga kiritganliklari ma’lum bo‘ldi.
Hozirda ushbu shaxslarga nisbatan Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, gumonlanuvchilar protsessual tartibda hibsga olingan.
Ichki ishlar vazirligining ma’lum qilishicha, ushbu jinoiy guruhga aloqador bo‘lgan boshqa shaxslarni aniqlash maqsadida respublika bo‘ylab tezkor-qidiruv tadbirlari davom etmoqda.
