Banklarda oylik pastligi uchun tizimda korrupsiya bor — so‘rovnoma

03.09.2025 09:13
O'zbekchaРусский
Markaziy bank so‘rovnomasida ishtirok etganlarning 53,5 foizi bank tizimidagi korrupsiyaning asosiy sababi sifatida xodimlarning maoshi pastligini ko‘rsatdi. Qaysi turda korrupsiya xavfi yuqoriligi so‘ralganda esa 59,4 foiz ishtirokchi kredit mahsulotlarida degan.
Banklarda oylik pastligi uchun tizimda korrupsiya bor — so‘rovnoma

Foto: Sputnik / Ramiz Baxtiyarov

Markaziy bank bank tizimidagi korrupsiyani keltirib chiqaruvchi sabab va shart-sharoitlarni tahlil qilish maqsadida anonim so‘rovnoma o‘tkazdi

Ushbu so‘rovnomada 6 ming 438 nafar shaxs ishtirok etdi. Qatnashchilarning 59 foizi davlat xizmatchisi, 26 foizi tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanuvchi shaxslar ekan.

Infografika: Markaziy bank

"Qaysi turdagi bank xizmatlaridan foydalanasiz?" degan savolga ishtirokchilarning 59,2 foizi kredit mahsulotlari deb javob bergan bo‘lsa, 27,8 foizi bank omonatlaridan foydalanishini bildirgan. 

"Bank xizmatlarining raqamlashtirilish darajasini qanday baholaysiz?" degan savolga 69,5 foiz qatnashuvchi "yaxshi" deb javob bergan, 24,3 foizi esa qoniqarli darajada deb hisoblagan. 

"Bank xizmatlarining qaysi turida korrupsiya xavfi yuqori?" degan savolga 49,4 foiz ishtirokchi kredit mahsulotlarida, 52,7 foizi esa lizing, faktoring hamda konvertatsiya amaliyotlarida ekanligini ta’kidlagan. 

Infografika: Markaziy bank

"Bank xizmatlarida tanish-bilishchilikdan foydalanganmisiz?" degan savolga 9,6 foiz "ha" degan, qolganlari "yo‘q" deb javob berishgan. 

Infografika: Markaziy bank

"Banklarga ishga qabul qilishdagi xolislik darajasini qanday baholaysiz?" degan savolga 28,8 foiz qatnashuvchi qoniqarli, 8,6 foizi qoniqarsiz deb baholagan. Qolganlar yaxshi ekanligini bildirgan. 

Bank tizimida korrupsiya holatlarining sodir etilishidagi asosiy sabablar haqida so‘ralganda, 53,5 foiz qatnashuvchi bank xodimlarining ish haqi pastligi deb hisoblagan. 

Infografika: Markaziy bank

30,9 foizi esa fuqarolarning moliyaviy savodxonligi pastligi sababli deb bilsa, 16,9 foizi bank xodimlari ustidan yetarli nazorat o‘rnatilmaganligini sabab qilib ko‘rsatgan. 

"Bank xodimlarining muomala madaniyatiga rioya etmaganlik holatiga duch kelganmisiz?" degan savolga 11,4 foiz "ha" deb javob bergan, qolgan qatnashuvchilar "yo‘q" degan. 

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekistonda bank-moliya sohasida faoliyat yurituvchilarning oylik maoshi mamlakatdagi eng yuqori maosh hisoblanadi.

#markaziy_bank#so'rovnoma

Xabarni ulashish:

Eng ko'p o'qilganlar