2025-yil 9-sentyabr holatiga ko‘ra, O‘zbekistonda 1 gramm oltin quymasining narxi 1 506 200 so‘mni tashkil etdi. Bu mamlakat tarixidagi rekord narx hisoblanadi.
Manba: Markaziy bank
Narxlar sentyabr oyining o‘zida 7,5 foizga ko‘tarildi. Yil boshiga nisbatan esa 35 foizga oshdi. Taqqoslash uchun, narx o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 42 foizga yuqorilagan.
Oltin quymalar haqida ma’lumot
O‘zbekiston Markaziy banki 2020-yilning 2-noyabr sanasida 5, 10, 20 va 50 gramm bo‘lgan oltin quymalarini tijorat banklari orqali sotuvga chiqardi.
2025-yilning 16-yanvar sanasida esa bular qatoriga 100 grammlik oltin quymasi ham qo‘shildi.
Quymalar 999,9 soflikdagi oltindan tayyorlangan bo‘lib, ular maxsus himoya qadoqlarida sotuvga taqdim etiladi.
Mazkur qadoq sertifikat vazifasini bajaradi va o‘z seriya raqamiga ega bo‘ladi.
Manba: Markaziy bank
Oltin quyma hamda uning qadog‘i bir xil seriya raqamiga ega bo‘lib, qadoqda uch turdagi himoya elementi mavjud. Bunda quymaning qadog‘iga e’tiborli bo‘lish tavsiya etiladi.
Sababi qadog‘i buzilgan yoki texnik talablarga mos kelmaydigan oltin quymalarini qaytarib sotib olish ularni texnik ekspertizadan o‘tkazish orqali amalga oshiriladi.
Ma’lumot uchun, qadog‘i butun holatdagi oltin quymalarni O‘zbekiston hududidan tashqariga olib chiqishga ruxsat beriladi.
Sotib olish jarayoni
Oltin quymalarini ikki usulda, ya’ni onlayn hamda oflayn usulda sotib olish mumkin. Dastlab oflayn sotib olish jarayonini ko‘rib chiqamiz.
Oltin quymalar ayrim tijorat banklari orqali sotiladi. Ushbu havolada oltin oldi-sotdisi bilan shug‘ullanuvchi banklar va ularning filiallarining ro‘yxati keltirilgan.
Lekin ularda doim ham oltin bo‘lmasligi mumkin. Yoki ma’lum og‘irlikdagi quyma qolmagan bo‘lishi mumkin.
Shu sababli ushbu havoladagi shoxobchalardagi qoldiqni ko‘rib chiqib, keyin bankka borish tavsiya etiladi.
Banklardagi oltin quyma narxi Markaziy bank e’lon qilgan narx bilan bir xil bo‘ladi. Biroq bu narx faqat quymani sotib olishga tegishlidir.
Bankka sotishda esa bank foydasi va boshqa omillarni hisobga olgan holda narx biroz pastroq bo‘ladi.
Onlayn sotib olish
SQB Mobile ilovasi orqali oltin quymalarini onlayn sotib olish hamda sotish mumkin. Bu bir qancha qulayliklar yaratadi.
Masalan, oflayn xaridda oltin quymalari 5 grammdan boshlanadi. Onlayn xaridda esa 1 grammdan boshlab xarid qilish mumkin.
Lekin unda narxlar biroz pastroq bo‘ladi. Masalan, bugun, 9-sentyabr kuni uchun 1 gramm oltin quymasining narxi ilovada 1 482 000 so‘mni tashkil etmoqda.
Sotib olish narxi esa 1 452 000 so‘m ekan. Ilovaning qulayligi oltinni istalgan vaqtda sotish hamda sotib olish imkonini beradi.