2026-yildan pedagoglarga uy olishda imtiyoz beriladi — Prezident

15.09.2025 14:00
O'zbekchaРусский
2026-yildan boshlab 15 yillik tajribaga ega oliy toifali pedagoglar uy-joy olishda imtiyozlarga ega bo‘ladi. Ma’lum qilinishicha, ularga ipoteka krediti boshlang‘ich to‘lovining 25 foizi qoplab beriladi. Boshqa imtiyozlar haqida batafsil:
2026-yildan pedagoglarga uy olishda imtiyoz beriladi — Prezident

Foto: Prezident matbuot xizmati

Bugun, 15-sentyabr kuni Shavkat Mirziyoyev Bo‘stonliq tumaniga tashrif buyurdi

Tashrif doirasida o‘qituvchi va murabbiylarni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan imtiyozlarni e’lon qildi. 

Unga ko‘ra, 2026-yildan boshlab 15 yillik tajribaga ega oliy toifali pedagoglar uy-joy sotib olishda imtiyozlarga ega bo‘ladi. 

Ma’lum qilinishicha, ularga ipoteka krediti boshlang‘ich to‘lovining 25 foizi davlat tomonidan qoplab beriladi. 

Shuningdek, pedagoglarga kompyuter sotib olishda 10 mln so‘mgacha imtiyozli kredit berilishi hamda davlat xizmatlariga to‘lov ikki barobar kamaytirilishi ma’lum qilindi. 

Bundan tashqari, 2026-yildan boshlab ularning farzandlari davlat oliy o‘quv yurtiga o‘qishga kirsa, kontrakt summasidan 30 foiz chegirma beriladi. 

Foto: Prezident matbuot xizmati

Shu bilan birga, dunyoning TOP-300 talik oliy o‘quv yurtlariga o‘qishga kirgan pedagoglar uchun 20 ming dollargacha imtiyozli ta’lim krediti ajratilishi belgilandi. 

Prezident o‘qituvchilarga samolyot va poyezd chipta narxlarida 15 foizdan 20 foizgacha chegirma berilishini ma’lum qildi. Mazkur chegirma yilda bir marta berilib, mahalliy qatnovlargagina tatbiq etiladi.

Shuningdek, ular faoliyat yuritayotgan maktab va bog‘cha TOP-100 talikda, texnikum TOP-20 talikda, oliy o‘quv yurti esa TOP-10 talikda bo‘lishi kerak.

Tadbir davomida texnikumda faoliyat yuritayotganlarni ham qo‘llab-quvvatlovchi imtiyozlar e’lon qilindi. 

Foto: Prezident matbuot xizmati

Unga ko‘ra, texnikum direktorlari va o‘rinbosarlariga maktabdagi hamkasblaridan kam bo‘lmagan miqdorda maosh berilishi belgilandi. 

Agar ular direktorlar maktabida menejerlik sertifikatini olsa, yana qo‘shimcha 20 foiz ustama qo‘shilishi ma’lum qilindi. 

Eslatib o‘tamiz, yuqorida tilga olingan imtiyozlar Prezident nutqida aytilgan bo‘lib, amalda bosqichma-bosqich joriy etiladi.

#pedagoglar#prezident#imtiyozlar

Xabarni ulashish:

Eng ko'p o'qilganlar