Kecha, 17-sentyabr kuni Namangan viloyatida kambag‘allikni qisqartirish masalasi bo‘yicha xalqaro forum bo‘lib o‘tdi.
Forumda Shavkat Mirziyoyev O‘zbekistonda kambag‘allik darajasi 2024-yilda 8,9 foizga tushganini ma’lum qildi.
Bu ko‘rsatkichni joriy yil oxirigacha 6 foizgacha tushirish maqsad qilingan.
Ta’kidlanishicha, mamlakatda aholi turmush darajasini yaxshilash hamda tadbirkorlikni rivojlantirish uchun har yili qariyb 3 mlrd dollar ajratilmoqda.
Foto: Prezident matbuot xizmati
Prezident kambag‘allikni qisqartirish va inson kapitalini rivojlantirishning asosiy harakatlantiruvchi kuchi ta’lim ekanligini ta’kidladi.
Shu bois, kambag‘al oila farzandlari uchun chet tili va kasb-hunar o‘rganish xarajatlarining 80 foizi qoplab berilishi aytildi.
Shu maqsadda har bir kambag‘al oilada kamida bir nafar oliy ma’lumotli bo‘lishi uchun imtiyozli ta’lim kreditlari va davlat grantlari ko‘paytirilishi ma’lum qilindi.
Prezidentning ma’lum qilishicha, 2026-yilda mahallalarda infratuzilmani yaxshilash, ish o‘rinlarini ko‘paytirish va tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash uchun 400 mln dollar ajratiladi.
Shuningdek, 810 ta mahallada suv ta’minoti, kanalizatsiya, yo‘l, maktab va bog‘cha qurish bo‘yicha 1,3 mlrd dollarlik loyihalar amalga oshirilishi aytildi.
Foto: Prezident matbuot xizmati
Kambag‘al aholining katta qismida uy-joy bilan bog‘liq muammolar mavjudligi sababli, bu borada ham imtiyozlar berildi.
Xususan, uy-joyga muhtoj va daromadi past aholining ipoteka tizimidan foydalanishi uchun har yili 200 mln dollar miqdorida subsidiya ajratilishi belgilandi.
Eslatib o‘tamiz, yuqorida tilga olingan o‘zgarishlar Prezident nutqida aytilgan bo‘lib, amalda bosqichma-bosqich joriy etiladi.